Maktab direktorlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi
2026-09-18 20:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘zlangan nutqning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, unda belgilangan ustuvor vazifalarni ta’lim sohasi vakillariga tushuntirish maqsadida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari va tegishli direktor o'rinbosarlari uchun “Birlashib, buyuk kelajak yaratamiz!” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda Qibray tumani hokimi o‘rinbosari A.Turg‘unov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi hamda “Kelajak” markazi mas’ullari ishtirok etdi.
Seminar davomida davlatimiz rahbarining nutqida ilgari surilgan g‘oyalar, mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ta’lim sifatini oshirish hamda maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, belgilangan vazifalarni ta’lim muassasalarida samarali tashkil etish, o‘quvchilarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish hamda ularni kelajakdagi maqsadlariga yo‘naltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.






