Tuman hokimi Xitoy kompaniyalari bilan 6 million dollarlik loyiha bo‘yicha o’zaro kelishuvga erishdi
2026-09-17 16:00:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda, Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidovning Xitoy Xalq Respublikasiga ishchi xizmat safari doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda yengil sanoat yo‘nalishlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahridagi CHALKIS HEALTH INDUSTRY CO., LTD kompaniyasi ta’sischilari bilan o’tkazilgan uchrashuv davomida kompaniyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan, pomidorni qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or agrotexnologik tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur loyihani Qibray tumanida amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xitoylik hamkorlarga tumanning investitsiyaviy salohiyati, mavjud infratuzilmasi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishida loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tuman hokimi Zhejiang Yong Xing kompaniyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi hamda korxona rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv yakunida Qibray tumanida tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasi hududida qiymati 6 million AQSh dollariga teng bo‘lgan kovrolan va ko‘rpa-to‘shak mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur loyiha doirasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mahalliy sanoat salohiyatini oshirish hamda eksport hajmini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Qibray tumani hokimining xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida XXRga amalga oshirayotgan xizmat safari davom etmoqda.








