Hududga mos nav tanlash — mo‘l va sifatli hosil garovi
2026-08-11 20:05:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, yuqori hosildor va raqobatbardosh mahsulot yetishtirishda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, yuqori hosildor va raqobatbardosh mahsulot yetishtirishda intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF–108-son Farmonining 19.a-bandida hududlarga mos ko‘chat navlari va ularning texnik parametrlari to‘g‘risidagi tavsiyaviy xarakterga ega ma’lumotlarni Agentlik hamda tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlari, Agroportal va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borish vazifasi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Agentlik Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda respublika hududlarida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, shuningdek, tavsiya etiladigan navlarning texnik parametrlari bo‘yicha tavsiyaviy ma’lumotlarni ishlab chiqdi.
Yangi bog‘ barpo etishda fermer nimalarga e’tibor berishi kerak?
Yangi bog‘ tashkil etishni rejalashtirayotgan fermer xo‘jaliklari, avvalo, o‘z hududining tabiiy-iqlim sharoitlari va yer-suv imkoniyatlarini hisobga olishi muhim.
Bunda hududga mos ko‘chat navlarini tanlash, bog‘ni tashkil etish texnologiyasini to‘g‘ri belgilash hamda ekishdan oldin zarur agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish yuqori samaradorlikka erishishning muhim omillaridan hisoblanadi.
Intensiv bog‘ barpo etishda tavsiya etilayotgan navlarning hududga mosligi va ularning texnik parametrlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalardan foydalanish fermerlarga bog‘ni ilmiy asosda tashkil etishda amaliy yordam beradi.
Tavsiyalardan foydalaning
Fermer xo‘jaliklariga yangi bog‘ barpo etishdan oldin hudud uchun ishlab chiqilgan tavsiyaviy ma’lumotlar bilan tanishish, ko‘chat navlarini tanlashda mutaxassislar tavsiyalariga amal qilish hamda bog‘dorchilik sohasidagi ilmiy asoslangan yondashuvlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Mazkur tavsiyanomalar tegishli tuman (shahar) hokimliklarining rasmiy veb-saytlari va mavjud rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida joylashtirilishi belgilangan.
Hurmatli fermerlar!
Yangi intensiv bog‘ barpo etishda to‘g‘ri nav tanlash, hududning sharoitini hisobga olish va ilmiy tavsiyalarga amal qilish kelgusida bog‘ning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bois, bog‘ tashkil etishni rejalashtirayotgan fermer xo‘jaliklariga hududga mos navlar va ularning texnik parametrlari bo‘yicha rasmiy tavsiyalar bilan tanishib, ular asosida ish olib borish tavsiya etiladi.
