Qibrayda bitiruvchilarga oltin va kumush medallar topshirildi
2026-06-17 17:30:00 / Yangiliklar

Tumandagi umumta’lim maktablarini a’lo natijalar bilan tamomlagan, bilim va tarbiyada yuksak natijalarga erishgan bitiruvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Muzaffar Rashidov, tuman prokurori S.Arshidinov, tuman IIB boshlig‘i J.Tilyabayev va Adliya bo'limi boshlig'i D.Matrasulov ishtirok etib, oltin va kumush medal sohiblarini, ularning ota-onalari hamda ustozlarini samimiy muborakbod etdi.
Tuman hokimi bugungi yutuqlar ortida o‘quvchilarning tinimsiz mehnati, ota-onalarning ishonchi va ustozlarning fidokorona sa’y-harakatlari yotganligi ta'kidlab, yoshlarga kelgusida ham yurt ravnaqi uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishish, oliy ta’lim va kasbiy faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir yakunida medal sohiblariga tantanali ravishda mukofotlar topshirilib, ularning kelajakdagi yutuqlariga ezgu tilaklar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda tuman maktablarining 11-sinfini tamomlagan 1716 nafar bitiruvchidan 36 nafari oltin, 11 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi yoshlarga bildirilgan yuksak e’tibor va ularning kelajagiga bo‘lgan ishonchning yana bir ifodasi bo‘ldi.









