Ijtimoiy tarmoqlar orqali Qibray tumanida go‘yoki qonuniy obyektlar buzilayotgani haqida tarqalgan videolavha yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi
2026-05-06 20:00:00 / Rasmiy Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Qibray tumanida go‘yoki qonuniy obyektlar buzilayotgani haqida tarqalgan videolavha yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi
Qibray tumani hokimi o‘rinbosarining 2021-yil 20-apreldagi xatiga asosan “Perfect Innovatsion service” MChJga Zebuniso mahallasi hududida 90 kv.m yer maydonida aholiga kompyuter xizmatlari ko‘rsatish uchun yengil tipdagi konteynerni vaqtinchalik o‘rnatishga ruxsat berilgan. Mazkur ruxsat shartlariga ko‘ra, hududda kapital qurilish amalga oshirilmasligi, birinchi ogohlantirishdayoq obyekt olib tashlanishi hamda yer maydoni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan taqdirda hech qanday e’tirozsiz, beminnat bo‘shatib berilishi belgilangan.
Hozirgi kunda ushbu hududda aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yo‘lni kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yuqoridagi shartlarga asosan tadbirkorga mazkur qurilmani olib tashlash yuzasidan oldindan ogohlantirish berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qonuniy obyektlar buzilayotgani haqidagi videolavha asossiz ekanligi ma’lum qilinadi.
