Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi bilan bog‘liq tanqidiy maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2026-04-23 19:00:00 / Rasmiy Munosabat

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi bilan bog‘liq tanqidiy maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Jumladan, Qibray tumani Boyjigit mahallasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025–2027 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan PQ-454-sonli qarori asosida yangi 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etildi.
Mazkur loyiha doirasida qurilish-ta’mirlash ishlariga respublika budjetidan 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. Qurilish jarayonida ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish hamda isitish tizimi bilan bog‘liq ayrim muammolar yuzaga kelgani sababli ishlar belgilangan muddatdan ortda qoldi.
Shuningdek, obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonida davlat komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida muhandislik kommunikatsiyalari hamda hududga yotqizilgan asfalt qoplamasidagi kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi. Mazkur holatlar qurilish ishlarining yakunlanish muddatiga ta’sir ko‘rsatdi.
Hozirgi kunda qurilishi yakunlangan mazkur obyekt bo‘yicha davlat qabul hay’ati dalolatnomasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, foydalanishga topshirish uchun yakuniy tashkiliy va texnik ishlar olib borilmoqda.
