Qardoshlik rishtalari san’at orqali mustahkamlanmoqda
2026-04-06 19:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi, Qibray tumani hokimligi hamda markazning Qibray tumani bo‘limi hamkorligida Shymkent shahridagi “Shanshar” hajviya-satira teatrining konsert tomoshasi tashkil etildi.
Tumandagi Do‘rmon madaniyat saroyida o‘tkazilgan ushbu konsert tomoshasi tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaqinlikni yana bir bor namoyon etdi. Sahna asarlari orqali hayotiy voqealar, kulgi va ijtimoiy mazmundagi chiqishlar yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi rahbari S.Usenov hamda tuman bo‘limi boshlig‘i R.Xaltursunov ishtirok etib, ko‘p millatli yurtimizda millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va qardoshlik rishtalari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, bunday madaniy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada rivojlantirish, madaniy aloqalarni kengaytirish va yosh avlodni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.



