Tuman hokimi murojaatlar ijrosi va mas’uliyat masalasini tanqidiy tahlil qildi
2026-03-02 16:05:00 / Yangiliklar

Tuman hokimi murojaatlar ijrosi va mas’uliyat masalasini tanqidiy tahlil qildi
Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov va tuman prokurori Samir Arshidinov boshchiligida o‘tgan navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishida aholi hamda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarining yakuniy natijalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tahliliy ma'lumotlar berilib, bu borada ayrim mas'ullarning faoliyati qoniqarsiz ekanligi aytib o'tildi.
Xususan, ro‘yxatga olish jarayonida ayrim hududlarda ma’lumotlarni to‘plash va tizimlashtirishda ayrim mahalla yettiligi tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi. Kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, hisobotlarning haqqoniyligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sayyor qabullar davomida fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmayotgani alohida qayd etildi. Murojaatlarga sovuqqon munosabatda bo‘lish, topshiriqlar ijrosini kechiktirish holatlari aholining haqli e'tirozlariga sabab bo'layotgani keskin tanqid qilindi.
Yig‘ilish yakunida vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan ayrim mutasaddilarga nisbatan hayfsan jazosi va qat’iy ogohlantirishlar berildi. Tuman hokimi tomonidan har bir murojaat ijrosi shaxsiy nazoratga olinishi, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.








