Fuqarolar murojaatlari ijrosi va tartib-intizom masalalari tanqidiy tahlil qilindi
2026-02-25 18:05:00 / Yangiliklar

Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov boshchiligida oʼtgan navbatdagi “Hokimlik soati” yigʼilishida sayyor qabullar davomida fuqarolar tomonidan yoʼllangan murojaatlar, ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar tanqidiy ruhda koʼrib chiqildi.
Yigʼilishda ayrim sohalarda murojaatlarga yuzaki yondashilgani, belgilangan muddatlarda aniq va sifatli ijro taʼminlanmagani, muammolarni joyida hal etish oʼrniga ortiqcha sansolarlikka yoʼl qoʼyilgani keskin tanqid qilinib, ayrim holatlarda nazorat sustligiga yoʼl qoʼyilgani qayd etildi. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani alohida taʼkidlanib, mutasaddilardan masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik talab etildi.
Shuningdek, aholi va qishloq xoʼjaligini roʼyxatga olish jarayonlarini sifatli tashkil etish, aliment undiruvi borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish boʼyicha profilaktik choralarni kuchaytirish masalalari ham tanqidiy muhokama qilindi. Bu borada topshiriqlar ijrosini sifatli va o'z vaqtida ta'minlagan mahalla raislariga alohida minnatdorchilik bildirildi.
Ijro intizomiga rioya etmagan, topshiriqlar ijrosini oʼz vaqtida taʼminlamagan ayrim mutasaddilarga nisbatan qatʼiy ogohlantirishlar berilib, kelgusida bu kabi nday holatlar uchun intizomiy choralar qoʼllanilishi qatʼiy belgilandi.
Shuningdek, "Yashil makon" loyihasining bahorgi mavsumiga start berilganligi va bu borada tumanda amalga oshiriladigan keng ko'lamli ishlar boʼyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.









