Uzumzor mahallasida jinoyatchilik holatlari tanqidiy tahlil qilindi
2026-02-12 19:10:00 / Yangiliklar

Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov tuman rahbarlari bilan birgalikda qizil toifadagi Uzumzor mahallasi aholisi bilan ochiq muloqot oʼtkazdi. Uchrashuvda mahallada jinoyatchilik holatlari, huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari hamda ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida mahalla yettiligi faoliyati va aholi bilan ishlash holati atroflicha tahlil qilinib, mahalla faollari va aholi oʼrtasida oʼzaro hamjihatlik yetarli darajada yoʼlga qoʼyilmagani, ayrim muammolar oʼz vaqtida hal etilmayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, mahallada sodir etilayotgan jinoyatlar tahlil qilinib, ularning aksariyati ijtimoiy nazoratning yetarli emasligi, ayrim oilalardagi nosogʼlom muhit, ishsizlik va yoshlar bandligining taʼminlanmagani bilan bogʼliq ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mahalla yettiligi, profilaktika inspektorlari va masʼul tashkilotlar faoliyati tanqidiy baholandi.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatga moyil shaxslar bilan manzilli ishlash, probatsiya hisobida turgan fuqarolarni doimiy nazoratga olish, ularni bandlikka jalb etish hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash boʼyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Yoshlar oʼrtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida huquqiy targʼibot ishlarini kuchaytirish, boʼsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va madaniy tadbirlarga keng jalb qilish zarurligi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida mahallada jinoyatchilikni keskin kamaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish boʼyicha profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etish hamda aholi bilan doimiy muloqotni yoʼlga qoʼyish yuzasidan mutasaddilarga qatʼiy topshiriqlar berildi.









