Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi – bolalar salomatligini tiklashda muhim qadam
2026-02-11 17:25:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda onalik va bolalikni asrash, bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu ishlar doirasida Qibray tumanida joylashgan Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Markazning tantanali ochilish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Basitxanova, Qibray tumani hokimi M.Rashidov, tuman mutasaddilari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Umumiy qiymati 109 milliard so‘m bo‘lgan, 4 qavatli ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan mazkur markaz Prezident qarorlari asosida tashkil etilib, zamonaviy tibbiy talablar asosida barpo etildi.
Muassasa 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga asab tizimi, ortopedik, nafas yo‘llari hamda oshqozon-ichak kasalliklari bo‘yicha reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatadi. Markazda 141 nafar yuqori malakali mutaxassis faoliyat olib borib, ilg‘or davolash hamda reabilitatsiya usullari amaliyotga joriy etilgan.
Markaz faoliyati bolalar o‘rtasida nogironlikni kamaytirish, ularning hayot sifati va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.








