Qo‘sha qarish saodati
2026-01-28 15:05:00 / Yangiliklar

Qibray tumani "Nuroniy" jamg'armasi tomonidan “Ko‘prikboshi” mahallasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o'tkazildi.
Tadbirda mahalla hududida 50 yil va undan ortiq vaqt davomida birga umrguzaronlik qilib kelayotgan Umarovlar, Yo‘ldoshevlar, va Bekzotovlarning ibratli hayot yo‘llari yoshlarga namuna sifatida taqdim etildi.
Samimiy muloqotlar jarayonida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, oilani mustahkamlash, uning jamiyatdagi nufuzini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uzoq yillar davomida ahil va totuv hayot kechirib kelayotgan oila vakillari yoshlar bilan o‘z hayotiy tajribalari, farzand tarbiyasida muhim bo‘lgan jihatlar yuzasidan fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar yangrab, bayramona kayfiyat hukm surdi. Yakunda ibratli hayot kechirayotgan tadbir ishtirokchilariga “Nuroniy” jamg‘armasining tuman bo‘limi hamda “Ko‘prikboshi” mahallasi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.








