1 - oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni
2026-10-01 / Voqealar taqvimi

Assalomu alaykum hurmatli ustoz va murabbiylar!
Avvalo, Siz, azizlarni, ta'lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini barchamiz uchun qadrli va ulugʻ sana 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Bu qutlugʻ sana barchamiz uchun eng ulugʻ va moʻ'tabar kasb egalari boʻlmish ustozlarga boʻlgan yuksak hurmat va e'tirof ramzi sifatida alohida ahamiyatlidir.
Ustoz - nafaqat oʻqituvchi, balki hayot maktabida yoʻlboshchi, qalbida millat dardi, yuragida esa yurt taqdiri mujassam etgan insondir.
Biz ustozni otadek ulugʻ deb bilgan, uni hamisha boshiga koʻtarib e'zozlagan, buyuk ma'rifatparvar xalqning davomchisimiz.
Sizlarning mehnatingiz, ilmga sadoqatingiz orqali yurtimizda etuk mutaxassislar, vatanparvar yoshlar, jamiyat fidoyilari tarbiya topmoqda.
Chunki sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodga etkazish yoʻlida chinakam fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotgan ulugʻ insonlarsiz.
Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, oʻlmas meros – yaxshi tarbiyadir.
Sizlarning mehnatingiz, fidoyiligingiz va sabr-toqatingiz tufayli yoshlarimiz ma'rifat va tarbiya yoʻlida muvaffaqiyatli qadam tashlab, yurtimizning ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Har bir yutuq, har bir taraqqiyot poydevorida aynan sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, gʻayratingiz va sabr-toqatingiz turibdi.
Oʻqituvchi - millat kelajagining me'moridir. Shunday ekan, sizlarning xizmatingizni qancha ta'riflasak ham kam.
Davlatimiz tomonidan ustoz va murabbiylarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar, yaratilgan shart-sharoitlar ana shu yuksak e'tiborning amaliy ifodasidir.
Hurmatli ustozlar!
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ilm-fan va ta'lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirishda, oilada farzand tugʻilganidan boshlab, kamolot yoshiga etgunga qadar uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi.
Biz bu jarayonda yoshlar ta'lim-tarbiyasiga e'tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni sarf etishda muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz.
Jumladan, bugungi kunda tumanimizda jami 113 ta shundan, 37 ta davlat, 56 ta oilaviy, 17 ta xususiy va 1 ta davlat xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritib, ularda jami 10 260 nafar bolalarni qamrab olgan, hozirgi kunda tizimdagi qamrov darajasi 76 foizga yetdi.
Mamlakatimizda yangi turdagi va yangi sifat bosqichidagi ta'lim maskanlari, xususan, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda.
Bugun biz ta'lim sohasini rivojlantirish, ustozlarning qadrini yanada oshirish, ularning mehnatiga munosib e'tibor qaratish borasida yangi bosqichga chiqdik.
Muhtaram ustozlar!
Bugungi kunda shiddat bilan yangilanayotgan ta'lim tizimi oldimizga bir qator vazifalarni qoʻyayotganini barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz.
Ularni hal etishda va ezgu maqsadimizga etish, dunyo miqyosida raqobatbardosh boʻlish uchun xalqimizni, avvalambor, yoshlarimizni ilm-fan, ma'rifat va ma'naviyat, taraqqiyot yutuqlari bilan qurollantirishimiz kerak.
Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Siz, azizlarni qutlugʻ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyat, xonadoningizga tinchlik, fayzu baraka tilaymiz!
Hamisha sogʻ-omon boʻling, bayramingiz muborak boʻlsin, aziz ustozlar!
