Yangi yil bayram
2025-12-31 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Аssalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Ustozlar va piru badavlat nuroniylar, munis opa-singillar va aka-ukalarim!
Аvvalambor, Siz azizlarni kirib kelayotgan yangi 2026-yil bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Shu qutlugʼ ayyomda endilikda tarixga aylanib borayotgan 2025-yilda erishgan barcha yutuqlarimizning bunyodkori boʼlgan siz, aziz tumandoshlarimga minnatdorchilik bildiraman.
Oʼtib borayotgan 2025-yilda tumanimizda obod manzillar, farovonlik, bunyodkorliklar yoʼlida amalga oshirilayotgan maqsadli islohotlarni sarhisob qiladigan boʼlsak, mirishkor dehqon va fermerlarimiz fidokorona mehnat qilib, moʼl hosil yetishtirdilar, yangi ish oʼrinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda.
Аholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama koʼmaklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini taʼminlash boʼyicha yangi taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratishni oʼz oldimizga maqsad qilib qoʼyganimiz xalqimizga cheksiz imkoniyatlar yaratib berdi.
Xususan, tumanning 2025-yilda yangi ish oʼrinlarini tashkil etish rejasi 27978 ta boʼlib, amalda 29002 taga yaʼni, 103,7 % ga bajarilganligi buning yaqqol misoli boʼla oladi desak mubolagʼa boʼlmaydi.
Har tomonlama shakllangan, yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, shijoatli yoshlarimizning istiqbolli tashabbuslariga katta eʼtibor qaratilyapti.
Buning natijasi oʼlaroq 2024-2025-oʼquv yilida umumtaʼlim maktablarini 11-sinfini jami 1737 nafar oʼquvchi, shundan 39 nafari oltin va 8 nafari kumush medal bilan tamomladi. Shulardan 1313 (76%) nafari oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirib, 863 nafari (49,7%) oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi.
2025-yil davomida 13 ta umumtaʼlim maktabi “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida gʼolib boʼlib (16 mlrd. 668 mln. soʼm) ushbu maktablarni taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga erishildi.
Jumladan 3 ta (2,3,28) maktab 2 mlrd. 968 mln. soʼmga jihozlandi.
9 ta (1,14,16,17,26,29,30,39,48) maktab binosi 12 mlrd 700 mln soʼmga joriy taʼmirlangan bo'lsa, 25-umumiy orta ta'lim maktabiga 1 mlrd soʼmga sunʼiy qoplamali sport maydonlari qurib foydalanishga topshirildi.
Mahalliy byudjet mablagʼlari hisobidan “Mening maktabim” loyihasi doirasida tumandagi 42 ta umumtaʼlim maktabining moddiy texnik bazasi 2 mlrd 211 mln. soʼm hamda 42-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini taʼmirlashga zarur boʼlgan qurilish va xoʼjalik mollari uchun 100 mln soʼm mablagʼ ajratildi.
2025-yilda Yangiobod mahallasida joylashgan 150 oʼrinli 35-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini 330 oʼrin quvvat bilan (qoʼshimcha 180 oʼrin) rekonstruktsiya qilish hamda Boyjigit mahallasidagi 34-sonli koʼp tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hududidagi boʼsh yer maydoniga 120 oʼrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurishga erishildi.
Natijada jami 450 oʼrinli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rekonstruktsiya qilinib, qayta qurildi hamda 300 ta yangi tarbiyalanuvchi oʼrni yaratildi.
Аziz tumandoshlar!
Shu bilan birga, xalq ovozi boʼlgan mahallaning hayotimizdagi oʼrni va taʼsiri kuchaymoqda.
Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.
Oʼzbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obroʼ-eʼtibori yuksalmoqda.
Muhtaram doʼstlar!
Yangi yilda insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ishlarimizni yanada yuqori bosqichga koʼtaramiz.
Farzandlarimiz sifatli taʼlim va tarbiya olib, barkamol shaxs boʼlishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Kelgusi yilda muhtaram faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish eʼtiborimiz markazida boʼladi.
Muxtasar aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va eʼtiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Аziz va qadrli tumandoshlarim!
Muhtaram Yurtboshimiz boshlab bergan tarixiy islohotlarni joriy etishda hamisha sizlarga suyandim va bundan keyin ham shunday boʼladi.
Qalblarimiz pok niyatlarga toʼlib turgan ushbu quvonchli lahzalarda sizlarni, butun xalqimizni yangi – 2026-yil bilan yana bir bor chin dildan muborakbod etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadon-laringizga fayzu baraka, oilaviy baxtu saodat tilayman.
Barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!
Yangi yilingiz qutlugʼ boʼlsin!
Hurmat bilan,
Qibray tumani hokimi Muzaffar Rashidov
