O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi
2025-08-31 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz mehmonlar, hurmatli Qibray tumanimiz faollari, qadrli tumandoshlar!
Avvalombor, Siz azizlarni kirib kelayotgan eng ulugʻ, eng aziz bayram - Mustaqilligimizning oʻttiz toʻrt yilligi munosabati bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Vatanimiz tarixidagi ushbu sharafli va shonli sana barchamizga yuksak iftixor bagʻishlaydi.
Joriy yil mamlakatimizning koʻp asrlik tarixida yangi sahifa boʻlgan shodiyonasi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh gʻoya ostida tantana qilinmoqda.
Hech shubhasiz, barchamiz har kuni hayotimiz yangilanayotganiga, muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida yurtimizda ulkan oʻzgarishlar boʻlayotganiga guvoh boʻlyapmiz.
Shu jumladan, jonajon Qibray tumanimiz ham kundan kunga chiroy ochmoqda, xalqimizning farovonligi kun sayin ortib bormoqda. Buni kuni kecha tumanimizning har bir hududida, har bir mahallasida uyushqoqlik bilan oʻtkazilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarida ham koʻrishimiz mumkin.
Bugun yurtimizda har bir sohada islohotlar amalga oshirilayotgani kabi, sport yoʻnalishi ham davlatimiz siyosatida alohida oʻringa ega.
Biz fahr bilan ayta olamizki, tumanimizdan ham koʻplab iqtidorli sportchi yigit-qizlar etishib chiqmoqda. Ular nafaqat respublika, balki halqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, bayrogʻimizni baland koʻtarmoqdalar.
Joriy yil boshidan boʻlib oʻtgan sport tadbirlarida tumanimiz yoshlaridan boks boʻyicha jahon chempioni Ruslan Abdullaev ham sovrindorlar safidan oʻrin olganligi barchamizni toʻlqinlantirib yubordi.
Ruslan dunyodagi bokschilar orasida oʻzining tengsiz ekanligini isbotladi va 75 kg vazn toifasida AQShning Kaliforniya shtatida oʻtkazilgan professional boks oqshomida, filippinlik bokschini magʻlub etib, “WBA Continental” kamari sohibi boʻldi.
Bundan tashqari tumanimiz yoshlari 6 ta Osiyo chempioni va 52 ta respublika gʻolibligini qoʻlga kiritib, 21 ta oltin, 15 ta kumush va 23 ta bronza medallariga sazovor boʻldilar.
Fursatdan foydalanib, ularni yuksak mukofot bilan tabriklab, sihat-salomatlik va yangi muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!
Mustaqillik bizga chinakam baxt, cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda obod manzillar, farovonlik, bunyodkorliklar yoʻlida amalga oshirilayotgan maqsadli islohotlar koʻp asrlik tariximizning yangi sahifasini yaratdi.
Inson qadri yuksalib, ertasidan katta umid va maqsadlari bor koʻp millatli xalqimiz yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish yoʻlida fidoyilik koʻrsatishmoqda.
Jumladan, tumanimizning 175 mingdan ziyod hamjihat ahli ham bir maqsadga qaratilgan ezguliklar va yangi loyihalar tashabbuskori boʻlishyapti.
Mustaqillikning oʻttiz toʻrt yilligi bu tom ma'nodagi tarixiy voqeadir. Mamlakat va millat taqdirida buyuk burilish boʻlgan istiqlolimiz, oʻtgan davr ichida xalqimizga cheksiz imkoniyatlar yaratib berdi.
Davlatimiz ijtimoiy siyosatida yoshlar eng ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, muammolarini hal etish, oʻz imkoniyat va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. 2025-yil davomida tuman “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan jami 7 mlrd. 110 mln. soʻmlik xarajatlar amalga oshirilib, “Yoshlar daftari” roʻyhatiga kiritilgan 30 yoshgacha boʻlgan 1 692 nafar yoshlardan 1 655 tasining turli ijtimoiy-maishiy muammolari hal etilishiga erishildi.
Jumladan, ishsiz yoshlar bandlik dasturi doirasida, 210 nafar yoshlar doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 117 nafar yoshlar kasb-hunarga oʻqitildi, 25 nafar yoshlarga 49,3 gektar er maydonlari ajratildi.
Yoshlarning yangi orzular, yangi marralar sari ildamlayotgan yoʻllarida ma'naviyat, ma'rifat fidoyilari, mahalla fuqarolar yigʻini mas'ullari etakchilik qilishmoqda.
Shuningdek, tumanda “Ayollar daftari”ga 5695 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar kiritilib, ularga turli manbaalar hisobidan moddiy va ma'naviy koʻmak koʻrsatilib kelinmoqda.
Muhtaram Yurtboshimizning aholini rozi qilishda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha koʻplab islohotlar amalga oshirildi.
2025-2026-yillarda kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazish maqsadida, tumanda bugungi kunga qadar 12 km ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi ta'minlanib, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti 82,2 foizdan 97,3 foizga koʻtarilishiga erishildi.
Shu bilan birga, 6,9 km gaz quvurlari yangidan tortilib, yuqori bosimli 2 ta va oʻrta bosimli 10 ta zamonaviy elektron GRP oʻrnatildi.
21 ta transformator va 3 km elektr simlarini yangilash hisobiga 10 mingdan ortiq aholi xonadonida elektr energiya iste'moli yaxshilandi.
Bundan tashqari, tumanda aholi salomatligini tiklash borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilib, tuman tibbiyot birlashmasi va koʻp tarmokli markaziy poliklinika 100 ga yaqin zamonaviy kompyuterlar bilan ta'minlanib, toʻliq raqamlashtirishga oʻtildi.
Buning natijasida “D-med” tizimi ishga tushirilib, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda tumanimizda ta'lim-tarbiya tizimiga ham katta e'tibor qaratilib, bir qator bogʻcha va maktablarimiz tubdan ta'mirlanib, yangicha qiyofa kasb etmoqda.
Jumladan investisiya davlat dasturi doirasida “Mehnat” mahallasida 240 oʻrinli 41-sonli yangi maktab binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. 8 ta maktabning moddiy-texnika bazasi toʻliq yangilandi. 6 ta maktab hududida sport maydonchalari barpo etildi.
Bugun ushbu ta'lim maskanlaridagi zamonaviy sinfxonalar, sport zallari va zamonaviy oʻquv xonalari yoshlarning qiziqishlari va ilm olishlari uchun munosib muhit boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi global rivojlanish jarayonida har bir hududning taraqqiyoti, avvalo investisiya oqimi bilan belgilanadi. Shu bois tumanimizda sarmoyadorlar uchun qulay muhit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
2025-yilninig oʻtgan davri mobaynida tumanda umumiy qiymati 36 mlrd soʻm boʻlgan 5 ta loyihalar ishga tushirildi va 127 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, 70 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investisiyalar va kreditlar oʻzlashtirilishiga erishildi.
Bundan tashqari tumandagi eksportyor korxonalar tomonidan 30,3 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Albatta bu qilinayotgan ishlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, buning ortida tumanimizning ming-minglab mehnatkash qoʻllari, bagʻri keng qalblari turibdi.
Hurmatli tumandoshlar!
Mening ishonchim komil, biz oldimizga qoʻygan barcha marralarga erishamiz, bunda bizga tumanimizning eng katta boyligi boʻlmish – uning mehnatkash, bagʻri keng va tanti xalqi koʻmakdosh boʻladi.
Siz azizlar bilan mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganimdan bexad baxtiyorman.
Muhtaram doʻstlar!
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda “Yangi Oʻzbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir.
Shu sababdan biz xalqimizning ogʻirini engil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali hal etish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgiladik.
Yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini oʻzi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan roʻyobga chiqarishdan iborat.
Shu sababli, Men va Qibray tumani mutasaddilari inson qadrini ulugʻlashga, aholining ogʻirini engil qilishga, muammolarini oʻz vaqtida, sifatli qilib bartaraf etishga astoydil kirishdik.
Aziz va muhtaram otaxon-onaxonlar, aka-ukalarim, opa-singillarim!
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir karra hur diyorimiz tarixidagi muhim sana — Mustaqillik kuni bilan tabriklayman.
Sizga, oila a'zolaringizga tinchlik-totuvlik, sihat-salomatlik, baxt va farovonlik tilayman.
Ona Vatanimiz - Yangi Oʻzbekistonimiz gullab-yashnasin, quyoshli osmonimiz ostida tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik hukm sursin.
BARChANGIZGA BAYRAM MUBORAK BOʻLSIN!
