Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
2026-01-05 17:05:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
Bugun Qibray tumanida qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan “Fermerlar kuni” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Qoraboyev boshchiligida o‘tkazilib, unda tumanda qishloq xo‘jaligida yer maydonlaridan foydalanish holati tanqidiy ruhda, aniq raqamlar va tahlillar asosida ko‘rib chiqildi.
Tahlillar natijasida ayrim fermer xo‘jaliklarida yer maydonlaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlar bo‘yicha statistik hisobotlarni o‘z vaqtida topshirmaslik, soliq intizomining yetarli darajada ta’minlanmayotgani kabi qator kamchiliklar qayd etildi.
Yig‘ilish davomida mazkur muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilanib, samarasiz bog‘lar o‘rnida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yangi bog‘lar barpo etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tomchilab va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi qat’iy nazoratga olinib, yer resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori natijalarga erishib, yerdan samarali foydalanib kelayotgan bir guruh ilg‘or fermerlarning mehnati e’tirof etilib, ularga “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Qibray tumani hokimligi Axborot xizmati









