"Tavmurat biy" fermer xo‘jaligi
2026-07-08 09:10:00 / Yangiliklar

Qonliko‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 martdagi "Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-144-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2026 yilda tumanda 85 gektar paxta maydonlarida 4 komplekt egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Ayni paytda "Bo‘ston" mahallasi hududidagi "Tavmurat biy" fermer xo‘jaligi tomonidan bir komplekt egiluvchan quvurlar o‘rnatilib, paxta maydonlarini ushbu texnologiya asosida sug‘orish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariqlarga yetkazib berish orqali filtrlash va bug‘lanish hisobiga yuzaga keladigan yo‘qotishlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Natijada suvdan samarali foydalanish, sug‘orish muddatini qisqartirish va har bir gektar yer maydoniga suvning me’yorda taqsimlanishi ta’minlanadi. Qonliko‘l tumanida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar suv resurslaridan samarali foydalanish, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.




