Qamashi tumanida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi
2025-07-18 10:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Qarshi shahri, Ko‘kdala, Nishon va Qamashi tumanlarida xonadonlarni energiya samarador tizimlarga o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul xodimlari ishtirokida Qamashi tumanida seminar tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Xurshid Usmonov, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilotlar va mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari ishtirok etdi.
Seminar doirasida Energiya samaradorligi milliy agentligining asosiy vazifalari, jumladan, aholi uy-joylarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan:
➖aholi turar joylarida energiya auditini o‘tkazish xarajatlari 100 foiz qoplab berilishi;
➖quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20 foizi subsidiya shaklida qoplanishi;
➖issiqlik nasoslari qiymatining 40 foizini qoplash uchun subsidiya ajratilishi;
➖“Yashil ta’mir” kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining 19 foizdan ortiq qismi “Yashil loyiha” sertifikati asosida davlat tomonidan qoplab berilishi qayd etildi.
Seminar davomida xonadonlarni energiya samarador tizimlarga o‘tkazishning aholi uchun ijobiy jihatlari, jumladan, tejamkorlikka olib kelishi misollar orqali tushuntirildi.









