Qamashi tumani prokurori B.B.Bahodirovning MUROJAATNOMASI
2025-07-09 17:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Prezidentimiz ana shu yangilanish va o‘zgarishlarning samarador bo‘lishi kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, mazkur islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshishi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etish hamda jinoyatchilik kabi illatlarning oldini olish bilan bevosita bog‘liqdir.
Aziz qamashiliklar!
O‘zbek vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkor yoki sarmoyador bo‘ladimi, barchalari O‘zbekistonda tinch, osuda va munosib hayot sharoiti bilan ta'minlangan, hayoti har qanday jinoiy tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart. Qonun ustuvorligini ta'minlamay turib, bu vazifalarga erishishning imkoni yo‘q.
“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.
Tumandagi kriminogen vaziyat aholining turmush tarzi, moddiy va ijtimoiy ahvoli, tadbirkorlik hamda biznes muhitiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Shu bois, u alohida yondashuv talab etadigan masala hisoblanadi.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Bu ishlar kundalik hayotimizda ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta'minlash qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish ham shunchalik ahamiyatga ega.
Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasidan tortib, bozori va jamoat joylarida xavfsiz muhit yaratish choralari ko‘rilmoqda. Biz jinoyatchilikni jilovlashdek oliy maqsadni oldimizga qo‘yganmiz.
Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan 1-sonli qarori asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti hamda “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali oldini olish choralari amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq, har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi. Mening rahbarligimda tuman idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab tashkil etildi, ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi hamda aniq vazifalar belgilandi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi 61 ta mahallaning 3 tasi “qizil”, 11 tasi “sariq” va 47 tasi “yashil” toifaga kiritildi. Kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 3 ta mahallaga mas'ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.
Barcha mahallalar bo‘yicha choraklik manzilli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Yil boshidan boshlab aholi gavjum joylar, ko‘p qavatli uylar hovlisi, bozorlar, savdo markazlari va maishiy xizmat ob'ektlariga 649 ta kamera, 28 ta domofon majmuasi, 14 ta “tashvish tugmasi” o‘rnatildi. Shuningdek, 425 ta savdo va maishiy xizmat ob'ektlari texnik qo‘riqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Ob'ekt qo‘riqlovda!”, “Xonadon qo‘riqlovda!” kabi 150 ga yaqin stikerlar joylashtirildi. 74 ta namunaviy xavfsiz ko‘cha va 85 ta namunaviy xavfsiz yo‘lak tashkil etildi. 286 ta ko‘chaga yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
2025 yilning 6 oyi davomida 2024–2025 yillarda Qamashi tumani hududida sodir etilib, fosh etilmasdan kelayotgan 10 dan ortiq o‘g‘irlik jinoyatlari Qamashi tuman IIB Tezkor-qidiruv bo‘linmalari xodimlarining sa'y-harakatlari bilan fosh etildi. Har biri 2–4 nafardan iborat 4 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu bilan jinoyatga jazo muqarrarligi hamda fuqarolarning mulkiy daxlsizlik huquqi ta'minlandi.
Ayrim fuqarolarimizning beparvoligi oqibatida mol-mulk, texnika vositalari, chorva mollari yoki uy atrofini qarovsiz qoldirish holatlari 9 ta o‘g‘irlik jinoyatiga sabab bo‘lgani aniqlandi.
Amalga oshirilayotgan ishlar bir kunlik yoki hisobot uchun emas. Bu tizimli va doimiy islohotlardir.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda aholi diqqat qaratishi lozim bo‘lgan bir nechta jinoiy omillar mavjud. Xususan, firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘pincha axborot texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ilgari deyarli duch kelmagan kiberjinoyatlar soni ortishi tufayli, katta tashkilotchilikni talab qiladigan choralar ko‘rilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida: tumandagi jinoyatlarning 36,8 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil etmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida faqatgina plastik kartalar orqali pul yechib olish bilan bog‘liq 49 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqarolarga 424,3 million so‘mga yaqin moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi mavjud emas edi. Shuning uchun fuqarolardan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqatilayotgan feyk xabarlarga ishonmasliklarini, bank kartalari va hisob raqamlari haqidagi ma'lumotlarni maxfiy saqlashlarini so‘rayman.
Aziz yurtdoshlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashishda prokuratura organlari hamkorlikka tayyor. Jamoatchilikni jinoyatlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi birgalikda faol harakat qilishga chaqirib qolaman.
Jinoyatlarning fosh etilishi va oldi olinishida xalqimizning mas'uliyat, tashabbuskorlik hamda daxldorlik hissi bilan yondashuvi juda muhim.
Shuni alohida ta'kidlashni istaymanki, jinoyatning har qanday ko‘rinishiga nisbatan tezkor va qat'iy chora ko‘rilishi, jinoyat sodir etganlarga jazo muqarrar bo‘lishiga shaxsan kafolat beraman.
Barchamiz jinoyatdan xoli Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!
