QAMASHI TUMAN FERMERLARI KENGASHI RAYOSATINING MUROJAATNOMASI
2026-10-06 09:00:00 / Yangiliklar

Paxta hosilini o‘z vaqtida terib olib, daromadingizni ko‘paytiring, shartnoma majburiyatingizni bajarib, imtiyoz va subsidiyalardan foydalaning!
2026-yil hosili uchun yetishtirilgan paxta dalalaringizda yil davomida olib borilgan agrotexnik tadbirlar, jumladan, o‘zingizning tajribangiz hamda qishloq xo‘jaligi xodimlari va Fermerlar kengashining murojaatnomalari va tavsiyalari natijasida dalangizda katta paxta xirmoni uchun yetarli hosil yaratgansiz.
O‘zbekiston Fermerlari kengashi rayosati a’zolari Sizni paxtani qisqa muddatlarda sifatli va to‘liq yig‘ib olish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiradi.
Bugungi kunda tumanimizda 15 ta paxta terish mashinasini terimga tushirishi hamda fermer xo‘jaliklarining faqat o‘z ishchilarini terimga jalb qilishi natijasida 14 tadan ziyod fermer xo‘jaliklari paxtadan 45–50 sentnerdan hosil ko‘tarib, o‘z majburiyati va mas’uliyatini uddaladi. Jumladan, “G‘affor o‘g‘li Sanjar”, “Nazar o‘g‘li Buri ota”, “Yigitali” va “Xusan bobo” fermer xo‘jaliklari 50 sentnerdan ziyod hosil oldi.
Prezidentimiz tomonidan Siz fermerlarga 2026-yilda paxtani yetishtirish, uni sifatli terib olish va mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun Farmon va qarorlar bilan ko‘plab imtiyozlar berilgan.
2026-yil 28-sentabrdagi PQ-354-sonli qarorga muvofiq, 2026-yil hosilini birja savdolari orqali sotgan barcha paxta yetishtiruvchi subyektlarga tonnasiga 500 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi.
2026-yil 12-sentabrdagi PQ-326-sonli qarorga muvofiq, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash uchun 2026-yil 1-iyuldan 2026-yil 1-dekabrgacha fermer xo‘jaliklariga tovar-xomashyo birjalaridagi savdolar orqali xarid qilinadigan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 15 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat tomonidan subsidiya beriladi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 8-maydagi PF-82-sonli Farmoni bilan paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizi, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizi qaytarib beriladi.
Fermer xo‘jaligi o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklari kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratiladi.
Hurmatli fermer xo‘jaligi rahbari!
Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan keng foydalanib, paxta terim ishlarini to‘g‘ri tashkil etishga Sizni da’vat etamiz.
Sizdan kuzning har bir kuni g‘animat ekanligini his qilib, paxtangizni qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishingizni so‘raymiz. Buning uchun fermer xo‘jaligi a’zolari va ishchilarini terim ishlariga jalb etib, munosib rag‘batlantirib, kichik konturlar va mashinada paxta terishga sharoit yaratish uchun paxta maydonlari chetlarini terishni tashkil eting, mashina terimiga moslab paxta dalalarini terimga tayyorlang, tezroq, sifatli qilib terib olishga chaqiramiz. Terimga jalb etilgan ishchilar va terim mashinalari uchun o‘z vaqtida hisob-kitobni amalga oshiring.
Shuni esda tuting, paxtasi bor, terimga tayyor paxta dalalaringizni aslo sug‘ormang. Paxta yig‘im-terimiga jalb etilgan ishchilaringizning mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etishini ta’minlang, majburiy mehnatga aslo yo‘l qo‘ymang.
Paxta qabul qilish maskanlarida paxta xomashyosini qabul qilish jarayonida xolis bo‘lmagan munosabat bo‘lganda, asossiz chegirmalar qo‘llanilganda, Kengashning biriktirilgan mutaxassislariga murojaat eting va ishonchli tarzda ko‘mak oling.
Bu borada Fermerlar kengashi qishloq xo‘jaligi bo‘limi va Agroinspeksiya bilan birgalikda Sizning manfaatlaringizni himoya qilish choralarini ko‘radi.
Qadrli fermerlar, paxtangizni o‘z vaqtida va sifatli terib olib, Prezidentimiz tomonidan fermerlarga yaratib berilgan imtiyozlardan foydalaning va daromadingizni ko‘paytiring!
Tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolari
