Davlat boji: sudga murojaat qilishda huquqiy kafolat va imtiyozlar
2026-09-07 16:30:00 / Yangiliklar

Davlat boji — davlat organlari va vakolatli shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish hamda tegishli hujjatlarni berish evaziga undiriladigan majburiy to‘lovdir. Sud tizimida davlat boji, odatda, sud xarajatlarining tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘lib, bir qator muhim vazifalarni bajaradi. Jumladan, asossiz ravishda sudga murojaat qilishning oldini olish, sud tizimini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash hamda fuqarolik-huquqiy munosabatlarda muayyan intizomni ta’minlash shular jumlasidandir.
Biroq davlat boji undirilishi shaxsning sud orqali o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish imkoniyatini cheklamasligi kerak. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi kafolatlangan. Agar sudga murojaat qilish imkoniyati shaxsning moliyaviy ahvoliga bog‘liq bo‘lib, davlat boji uni sud himoyasidan foydalanish imkoniyatidan mahrum qiladigan to‘siqqa aylansa, adolat va qonuniylik tamoyillariga putur yetishi mumkin.
Shu sababli milliy qonunchiligimizda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish, uning miqdorini kamaytirish, shuningdek, to‘lov muddatini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash kabi huquqiy imkoniyat va imtiyozlar nazarda tutilgan. Mazkur normalar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat boji to‘g‘risidagi qonunchilik
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-son Qonuni ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlardan biridir.
Mazkur Qonunda davlat bojining undirilish tartibi va stavkalari bilan bir qatorda, sudlarda — fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy hamda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda — da’vogarlar, arizachilar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar uchun belgilangan imtiyozlar ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Davlat boji bo‘yicha imtiyozlarning belgilanishi, avvalo, shaxslarning sud orqali himoyalanish huquqini amalda ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat va jamiyat uchun muhim bo‘lgan ayrim munosabatlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Davlat boji bo‘yicha imtiyozlarning asosiy tamoyillari
Sud amaliyoti va amaldagi qonunchilik tahlili davlat boji bo‘yicha imtiyozlar bir necha muhim tamoyillarga asoslanishini ko‘rsatadi.
Birinchidan, ijtimoiy adolat tamoyili. Mazkur tamoyil ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Xususan, mehnat nizolari, aliment undirish, sog‘liqqa yoki mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq ayrim talablar bo‘yicha fuqarolarga davlat boji bo‘yicha imtiyozlar berilishi sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, davlat manfaatlari tamoyili. Davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qiluvchi organlar hamda tashkilotlarning o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirishi uchun qonunchilikda tegishli imtiyozlar nazarda tutilishi mumkin. Bu esa davlat manfaatlarini sud orqali himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchidan, iqtisodiy rag‘batlantirish tamoyili. Tadbirkorlik subyektlari va investorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida qonunchilikda ayrim holatlar uchun davlat boji bo‘yicha yengilliklar belgilangan.
Sud himoyasi va davlat boji o‘rtasidagi muvozanat
Davlat boji instituti bir tomondan davlat budjetiga tushumlarni ta’minlash va sud tizimi bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan shaxslarning sud orqali himoyalanish huquqini cheklab qo‘ymasligi lozim.
Shu nuqtayi nazardan, davlat boji bo‘yicha imtiyozlar tizimi sudlovga erishish imkoniyatini ta’minlashning muhim huquqiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, moddiy jihatdan qiyin ahvolda bo‘lgan yoki qonunchilikda alohida toifadagi shaxs sifatida e’tirof etilgan fuqarolarga beriladigan imtiyozlar ularning buzilgan huquqlarini sud orqali tiklash imkoniyatini kengaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, davlat boji undirilishi sud tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bilan bir qatorda, sudga murojaat qiluvchi shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ham mutanosib bo‘lishi kerak. Qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar esa ushbu ikki manfaat — davlatning moliyaviy manfaatlari hamda shaxsning sud himoyasiga bo‘lgan huquqi o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
B. Maxmudov
