Shartnoma tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish usullari
2026-09-07 13:20:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Kundalik hayotda uy-joy sotib olish, ijaraga berish, qarz berish yoki olish, kommunal xizmatlardan foydalanish kabi jarayonlarda doimiy ravishda fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishamiz.
Bu munosabatlarning asosini esa shartnoma tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan, shartnoma ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va majburiyatlarini belgilash, o‘zgartirish yoki tugatish to‘g‘risidagi kelishuvi hisoblanadi.
Shartnoma tuzishda bir qator muhim jihatlarga e’tibor qaratish lozim. Xususan, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Muayyan majburiyat yuklash maqsadida kimsani shartnoma tuzishga majburlash qonunan man etiladi. Shartnomalar og‘zaki yoki yozma (oddiy yozma yoki notarial tasdiqlangan) shaklda bo‘lishi mumkin. Qonunchilikda belgilangan hollarda, masalan, ko‘chmas mulk (uy-joy, yer) va avtotransport vositalari oldi-sotdisi, garov va uzoq muddatli ijara shartnomalari majburiy ravishda notarial tartibda rasmiylashtirilishi shart. Notarial shaklga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy emasligiga olib keladi. Shartnoma tuzilgan deb hisoblanishi uchun tomonlar uning barcha muhim shartlari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lishlari kerak. Bunday shartlarga shartnomaning predmeti (nima haqida ekanligi), bahosi, ijro muddatlari va tomonlarning majburiyatlari kabilar kiradi.
Shartnoma tuzilgandan so‘ng, vaqt o‘tishi bilan hayotiy vaziyatlar yoki iqtisodiy holatlar o‘zgarishi mumkin. Bunday vaziyatda shartnoma shartlarini qonuniy ravishda o‘zgartirish talab etiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, shartnomani o‘zgartirish usullari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, jumladan tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan: bu eng maqbul yo‘l hisoblanadi, ikkala tomon ham o‘zgarishga rozi bo‘lsa, asosiy shartnomaga qo‘shimcha kelishuv (bitim) tuziladi, qo‘shimcha bitim asosiy shartnoma qaysi shaklda tuzilgan bo‘lsa, xuddi shu shaklda (masalan, notarial bo‘lsa, notarius orqali) rasmiylashtiriladi. Shuningdek, agar bir tomon shartnomani o‘zgartirishni talab qilsa, ikkinchi tomon esa bunga rozi bo‘lmasa, masala sud tartibida hal etiladi. Bunda shartnoma tuzishda asos bo‘lgan vaziyatlarning tubdan o‘zgarganligi yoki bir tomon shartnomani jiddiy ravishda buzganligi isbotlanishi kerak. Bundan tashqari faqat qonunda yoki shartnomaning o‘zida aniq ko‘rsatilgan alohida hollardagina shartnomani bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yiladi.
Shartnomaviy munosabatlarni to‘xtatish va majburiyatlardan xalos bo‘lish ham faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim. Shartnoma bir qator usullar bilan bekor qilinishi, masalan, o‘zaro rozilik asosida: tomonlar shartnomani davom ettirishdan manfaatdor bo‘lmasa, uni bekor qilish to‘g‘risida kelishuv imzolaydi va shu paytdan boshlab majburiyatlar tugaydi; agar bir taraf shartnoma shartlarini jiddiy ravishda buzsa va bu ikkinchi tarafga sezilarli zarar keltirsa, sudga shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni undirish da’vosi bilan murojaat qilinishi mumkin. Sudga da’vo arizasi taqdim etishdan oldin ikkinchi tomonga shartnomani bekor qilish haqida rasmiy taklif yuborish majburiy hisoblanadi. Shu bilan birgalikda agar shartnomada yoki qonunda muayyan shartlar asosida shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortish huquqi ko‘zda tutilgan bo‘lsa (masalan, ijarachini 1 oy oldin ogohlantirib, uyni bo‘shatishni talab qilish), shartnoma sudsiz, rasmiy bildirishnoma yuborish orqali bekor qilinishi mumkin.
Muqumova Adolat Axmatovna
Qashqadaryo viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi
