Qamashi tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Rahimov Nodirbek Muyidinovichning tuman aholisiga murojaati
2026-09-05 17:55:00 / Yangiliklar

Qadrli tumandoshlar!
Tumanimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Qamashi tumani IIB hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 8 oyi davomida tumanimiz hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 5 taga (74/69) yoki 6,8 foizga kamayishiga erishildi.
Tuman hududida firibgarlik, yo‘l-transport hodisasi, yengil tan jarohati yetkazish, oilaviy zo‘ravonlik jinoyatlari kamayishiga erishildi. Shuningdek, talonchilik, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish jinoyatlari sodir etilishining oldi olindi.
Qamashi tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida joriy yilning 8 oyida tumandagi 57 ta mahallaning 4 tasi “qizil”, 9 tasi “sariq” toifaga tushgan bo‘lsa, 44 tasining “yashil” toifaga o‘tkazilishiga erishildi.
“ Sariq” va “qizil” toifadagi mahallalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bisyor. Har bir mahallada faoliyat yuritayotgan “yettilik” o‘zaro hamkorlikda, o‘z xizmat vazifasini chin dildan, astoydil bajarib, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni ado etsa, mavjud muammo va murojaatlarni chetda qoldirmay, ularning kelib chiqish sabablari va omillarini o‘rganib, qonuniy yechimi ta’minlansa, o‘ylaymanki, mahallalarda tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka bo‘lib, jinoyatchilikdan xoli hududga aylanishi tabiiydir.
Hurmatli fuqarolar!
2026 yilning 8 oyida Qamashi shahrida oshib borayotgan o‘g‘rilik, turli darajada qasddan tan jarohati yetkazish, kiberjinoyatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish davom etmoqda. Bu jinoyatlarga qarshi kurash faqatgina ichki ishlar organlarining vazifasi emas. Bu — butun jamiyatning, har bir fuqaroning insoniylik burchidir.
Shu sababli sizlarni qonunlarga hurmat bilan qarashga, farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishga, mahallalarda osoyishtalikni ta’minlashda faol bo‘lishga, huquqbuzarliklarga befarq bo‘lmaslikka chaqiraman.
Profilaktika inspektorlari tomonidan har bir mahallada aholi bilan yaqindan ishlash, muammolarni joyida hal etish, jinoyatlarning ildizini barvaqt bartaraf etish choralarini ko‘rish davom ettiriladi.
Ayniqsa, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda profilaktika ishlari kuchaytiriladi, muqaddam sudlangan, probatsiya hisobida jazo o‘tayotgan va nizoli oilalar bilan manzilli ishlar olib boriladi.
Hurmatli tuman ahli!
Tinch va xavfsiz hayot — bu barchamizning eng katta boyligimizdir. Uni asrab-avaylash, mustahkamlash yo‘lida birgalikda harakat qilsak, albatta, yanada yuqori natijalarga erishamiz.
Shu kungacha amalga oshirilgan ishlar va erishgan natijalarimizga qaramay, kamchiliklarimiz ham yo‘q emas. Xususan, jinoyatchilik sohasidagi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlar biroz oshgan.
Bunga asosiy sabab — fuqarolarimizning internet, ijtimoiy tarmoqlardan kelgan har qanday zararli ilovalarni (APK) ochib ko‘rishlari, firibgarlar telefon orqali murojaat qilganda ishonuvchanlik bilan plastik karta raqamlarini berib qo‘yishlari, onlayn do‘konlarning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini bilmay turib savdo munosabatlariga kirishishlari, oson pul topishni maqsad qilib, ijtimoiy tarmoqlarda turli o‘yinlarga pul tikish holatlari hisoblanadi.
Kiberjinoyatlar keng tarqalayotgani sababli quyidagi usullar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlaridan ogohlantirish har bir Qamashi tumani aholisi uchun juda muhimdir:
1. Birinchidan, sizga begona yoki noma’lum raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “bank xodimi” yoki moliyaviy tashkilot vakili deb tanishtirib, sizga pul ajratilayotgani, fondlardan mablag‘ berilishi yoki nafaqangizni rasmiylashtirishini aytsa — aslo bu gaplarga ishonmang!
Bunday muloqot paytida hech qachon shaxsiy hujjatlar — pasport raqami, yuz tasviri, plastik karta ma’lumotlari yoki Telegram’dagi profilingizni yubormang. Bu — firibgarlik!
2. Ikkinchidan, turli notanish akkauntlar orqali sizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda “Akam bo‘lasiz”, “Rasmda sizmi?”, “Avtomashina g‘olibiga aylandingiz”, “Shu videoda siz bor ekansiz”, “Omadli raqam sohibiga aylandingiz” kabi va’dalar berilsa — hushyor bo‘ling! Ular shu yo‘l bilan shaxsiy ma’lumotlaringizni qo‘lga kiritishga harakat qilishadi.
Kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan “Xavfsiz kibermakon” boti yaratildi.
Shuningdek, zararli havolalarni aniqlash va ularning oldini olish uchun @cybershielduz_bot Telegram-botidan foydalanishingizni tavsiya qilamiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tumanimiz osoyishtaligi — hammamizning qo‘limizda. Jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashaylik, ogoh va hushyor bo‘laylik.
