RADDIYA
2026-08-22 21:20:00 / Yangiliklar

Mazkur ma’lumotlar voqeaning asl mohiyatini aks ettirmaydi.
Avvalo, “Sarbozor” mahallasida infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ishlar mahalla raisining shaxsiy tashabbusi yoki xonadoni uchun emas, balki aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muhokamalar natijasida shakllangan rejalar asosida boshlangan.
Yil boshida “Sarbozor” mahallasida aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuv o'tkazliib, mahallaning mavjud muammolari va infratuzilmasini yaxshilash masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda aholi fikrlari o‘rganilib, mahallada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq loyihalar belgilangan.
Jumladan, dastlabki bosqichda umumiy qiymati 3 milliard so‘mlik ishlar rejalashtirilgan. Ularning tarkibiga:
- 0,4 kV kuchlanishdagi 1 kilometr elektr tarmog‘ini tortish;
- 30 dona beton ustun o‘rnatish;
- “O‘rnak” va “Tokzor” ko‘chalariga 2 kilometr tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish;
- mahallaning ichki ko‘chalaridan 3 kilometr qismini asfaltlash;
- aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash uchun artezian qudug‘i qazish;
- “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida quduq barpo etish;
- 300 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish kabi ishlar kirgan.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu rejalar bitta xonadon yoki mahalla raisi xonadoniga emas, balki butun mahalla infratuzilmasi va aholi manfaatlariga qaratilgan.
Shu sababli “barcha bunyodkorlik ishlari mahalla raisining uyi to‘g‘risida to‘xtaydi” qabilidagi xulosa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aniq manba, hujjat yoki fakt bilan tasdiqlanmagan taxminlarni jamoatchilikka haqiqat sifatida taqdim etish xolis axborot tarqatish tamoyillariga ham mos emas.
Shuningdek, ikki fuqaroning shaxsiy muloqotiga oid holatni mahalladagi davlat dasturlari va infratuzilma loyihalari bilan bog‘lab, butun jarayonni “mahalla raisi o‘z uyigacha yo‘l qildirib oldi” degan mazmunda talqin qilish ham voqelikni bir tomonlama yoritish hisoblanadi.
Mahallada amalga oshirilayotgan ishlardan maqsad — aholi uchun qulay sharoit yaratish, elektr ta’minotini yaxshilash, ko‘chalarni obodonlashtirish, yoritish va aholi daromadlarini oshirishdir.
Jamoatchilikka axborot tarqatishda esa har qanday holatni xolis o‘rganish, tegishli tomonlarning fikrini eshitish va tasdiqlangan faktlarga tayanish muhim.
“Sarbozor” mahallasidagi obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlari biror mansabdorning shaxsiy manfaati emas, balki yil boshida aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilinib, belgilangan rejalar asosida amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz.



