Qamashi tumani hokimi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashdi
2026-07-03 14:50:00 / Yangiliklar

Qamashi tumani hokimi Xurshid Usmonov hamda tuman Davlat xavfsizlik xizmati rahbari oliy ta'lim muassasalarini tamomlagan bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot tarzida kechgan uchrashuvda yoshlarni munosib ish bilan ta'minlash, ularning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda bandligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, chet tillari bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar bilan ham alohida muloqot qilinib, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish, mavjud imkoniyatlar hamda istiqboldagi faoliyati yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir davomida bitiruvchilar umumta'lim maktablari va boshqa tashkilot hamda muassasalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha suhbatdan o‘tkazildi. Yoshlarning mutaxassisligi, bilim va ko‘nikmalaridan kelib chiqib, ularni ishga joylashtirish yuzasidan mas'ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Uchrashuv yakunida 7 nafar bitiruvchi yoshga ishga joylashish uchun yo‘llanma topshirildi.
Shuningdek, yoshlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash hamda kelgusida munosib mehnat faoliyatini boshlashlari uchun zarur amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.









