XOTIN-QIZLARGA SERTIFIKAT VA GRANTLAR TOPSHIRILDI
2026-06-29 13:45:00 / Yangiliklar

Qamashi tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro Tiklanish va Taraqqiyot Banki hamda Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasi ishtirokida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish – 2-faza” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–317-son qarori ijrosi doirasida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish – 1 va 2-faza” loyihalari bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirish hamda eng yaxshi biznes loyihalari mualliflarini grant mablag‘lari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 2025-yilning iyun–noyabr oylarida tumanning 7 ta mahallasidan 53 nafar xotin-qiz uchun tadbirkorlik o‘quv kurslari tashkil etildi. Kurslarni yakunlagan ishtirokchilardan 14 nafari grant tanloviga o‘z biznes loyihalarini taqdim etdi. Tanlov komissiyasi xulosasiga ko‘ra, 11 nafar xotin-qizning umumiy qiymati 480 million so‘mlik biznes loyihalari moliyalashtirish uchun ma’qullanib, ularga grant sertifikatlari topshirildi. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida tumanda 45 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida 2026-yilning yanvar–may oylarida tumanning 10 ta mahallasidan 89 nafar xotin-qiz ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etildi. Mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan 27 nafar xotin-qizga grant tanlovlarida ishtirok etish huquqini beruvchi sertifikatlar ravishda topshirildi.
Tadbirda Qamashi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Nizomiddin Mo‘minov, loyiha amalga oshirish guruhi rahbari Dilshod Otaboyev hamda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Saida Toshniyozova ishtirok etib, loyiha ishtirokchilarini erishgan yutuqlari bilan tabrikladi hamda ularning kelgusidagi tadbirkorlik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Mazkur loyiha xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish, ularning bandligini ta’minlash va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.









