Rasmiy munosabat
2026-07-14 09:10:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tuman 5-son texnikumi tomonidan 30 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini xarid qilish bilan bog‘liq e'lon qilingan shartnoma qiymati yuzasidan turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.
Xarid qilinayotgan loyiha bino yoki inshoot tom qismiga o‘rnatiladigan oddiy quyosh fotoelektr stansiyasi emas. Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq, quyosh panellari yer maydonida maxsus metall konstruksiyalar ustiga o‘rnatilishi belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, metall konstruksiyalarning balandligi taxminan 3,5 metrni tashkil etadi hamda ular metall ustun va fermalar asosida barpo etiladi. Har bir quyosh panelini o‘rnatish uchun o‘rtacha 4,5 metr metall konstruksiya materiallari qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini iste'mol obyektiga uzatish maqsadida transformator punktidan (TP) taxminan 150 metr masofaga elektr kabeli tortilishi ham loyiha tarkibiga kiritilgan. Mazkur ishlar va zarur infratuzilma xarajatlari loyiha umumiy qiymatida o‘z aksini topgan.
Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda faqat quyosh panellarining quvvati va umumiy shartnoma summasini taqqoslash orqali bildirilayotgan xulosalar loyiha tarkibidagi barcha qurilish-montaj ishlari, metall konstruksiyalar, elektr tarmoqlarini tortish hamda boshqa texnik yechimlarni to‘liq qamrab olmaydi.
Qamashi tuman 5-son texnikumi tomonidan xarid jarayonlari amaldagi qonunchilik talablari asosida, belgilangan tartibda amalga oshirilganini ma'lum qilamiz.
