Korrupsiyaga qarshi kurash — jamiyat taraqqiyotining muhim omili
2026-06-24 18:30:00 / Yangiliklar

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘luvchi xavfli illat hisoblanadi. U qonuniylikka putur yetkazadi, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, ijtimoiy adolat prinsiplarini buzadi hamda iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borishda qonuniylikni ta’minlash va davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish muhim ahamiyatga ega. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi, qarorlar qabul qilish jarayonining jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishi korrupsiya xavfini kamaytiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi va yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga to‘xtalib, kelgusi vazifalar belgilandi.
Mazkur yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etib, ushbu masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-71-sonli Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining vazifasi emas. Bu jarayonda jamiyat va har bir fuqaroning faol ishtiroki zarur. Har bir inson qonunlarga rioya qilishi, pora berish va olishga murosasiz munosabatda bo‘lishi, korrupsiya holatlariga duch kelganda tegishli idoralarga murojaat qilishi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy choralar bilan bir qatorda ma’naviy tarbiya ham muhim ahamiyatga ega. Yosh avlodni halollik, adolat, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash orqali jamiyatda korrupsiyaga qarshi “ma’naviy immunitet”ni shakllantirish mumkin.
Oila, ta’lim muassasalari va jamoatchilik bu borada o‘zaro hamkorlikda ish olib borishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash — uzluksiz va barchani qamrab oluvchi jarayondir. Qonuniylik, shaffoflik, jamoatchilik nazorati va yuksak huquqiy madaniyat orqali korrupsiyaning oldini olish mumkin. Halollik va adolatni hayot qoidasiga aylantirgan jamiyatgina barqaror taraqqiyotga erisha oladi.
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi A. Muqumova.
