Tuman hokimi olis hududdagi mahallada sayyor qabul o‘tkazdi
2026-06-07 13:25:00 / Yangiliklar

Qamashi tumanining tuman markazidan uzoqda joylashgan Katta O‘ra mahallasida tuman hokimi Xurshid Usmonov ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbir davomida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.
Sayyor qabul doirasida mahalla aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida futbol, voleybol, shaxmat, shashka va arqon tortish bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalarda faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi.
Shuningdek, tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etilib, mahalla ahliga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Tadbir davomida tuman markazidan jalb etilgan malakali shifokorlar tomonidan fuqarolar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Ko‘rik jarayonida aholiga zarur tavsiyalar berilib, ayrim fuqarolarga kerakli muolajalar ko‘rsatildi.
Tuman hokimining aholi bilan muloqoti chog‘ida yo‘llarni ta’mirlash, oilaviy bog‘chalar tashkil etish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Ko‘tarilgan masalalar tegishli mutasaddilar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Bunday sayyor qabullar joylardagi muammolarni bevosita o‘rganish, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qilmoqda.









