PAXTACHILIKDA KECHIKTIRIB BO‘LMAYDIGAN AGROTEXNIK TADBIRLARNI TIZIMLI VA O‘Z MUDDATLARIDA AMALGA OSHIRIB, YUQORI HOSIL VA DAROMAD OLISH UCHUN PUXTA ZAMIN YARATING!
2026-06-08 10:55:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermerlar,
Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini oshirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, samarali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Xususan, Davlatimiz rahbarining 2026-yil 8-maydagi “G‘o‘za va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-82-sonli Farmoni bilan Siz fermer va klasterlarga bir qator imtiyozlar berildi.
Birinchidan, shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 2,5 foizini, hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 5 foizini hamda bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustiga qadar to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 4 foizlik punkt mablag‘lari fermer xo‘jaliklariga qaytarib beriladi, ya’ni Siz fermerlarning mablag‘lari tejalayapti va iqtisodiy imkoniyatlaringiz oshayapti;
Ikkinchidan, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash maqsadida 2026-yil 1-apreldan 2026-yil 1-iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan har bir tonna dizel yoqilg‘isi qiymatining 13 million so‘mdan oshgan qismi uchun, biroq 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan Agentlik orqali subsidiya ajratiladi;
Uchinchidan, g‘o‘za xomashyosini xarid qilish uchun g‘o‘za-to‘qimachilik klasterlari hamda g‘o‘za xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovining 8 foiz punktidan yuqori, lekin 16 foiz punktdan oshmagan qismi qoplab berish bo‘yicha klasterlarga imtiyozlar berildi.
Paxtachilikda yuqori hosil olish, avvalo, dehqon va fermerlar, paxta klasterlari hamda soha fidoyilari tomonidan tunu-kun qilingan mashaqqatli mehnatning, shuningdek, puxta o‘ylangan islohotlar va ilmiy yondashuvlar asosida o‘z samarasini berishini hammamiz his qilib turibmiz.
Joriy yilda tuman bo‘yicha 7 ming 690 gektar maydonlarda, shundan 2 ming 320 gektar Shinjon usulida chigit ekib, yuqori hosil olish bo‘yicha dalalarda shijoat bilan astoydil ish olib borilmoqda.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida ko‘plab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, ayniqsa bu yil iyun–iyul oylari har yilgidan ko‘ra yomg‘irli va o‘ta issiq kelishi kutilayotganligi biz dehqonu-fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Aziz fermerlar!
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik, 2026-yil 1-iyundan “Dolzarb 30 kunlik” davomida agrotexnik tadbirlarni sidqidildan amalga oshirib, yuqori hosil va yuqori daromad uchun puxta zamin yarataylik!
Buning uchun har bir fermer xo‘jaligi o‘z dalasida bo‘lib, g‘o‘zaga ishlov berish, parvarishlash borasida soha olimlari, mutaxassislari va tajribali ustoz fermerlar tavsiyasi asosida tizimli ishlarni tashkil etish lozim bo‘ladi.
Xalqimiz Sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni ko‘radi va el-yurt dasturxonini to‘kin qilish yo‘lidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Yuqoridagidan kelib chiqib, g‘o‘zadan yuqori hosil olish uchun iyun–iyul oylarida, ya’ni joriy yilning 1-iyunidan – 1-iyulgacha “Dolzarb 30 kunlik”da Siz fermerlar tomonidan agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarga har qachongidan ham ziyoda mas’uliyat bilan yondashishingiz so‘raladi:
• g‘o‘za maydonlaringizni begona o‘tlardan tozalashni tashkil eting;
• xorijiy nav ekilgan (ikki genli) maydonlarga to‘liq glifosat sepishni tashkil eting;
• qator oralarini 30–35 sm chuqur yumshatish va 10–16 sm chuqurlikda kultivatsiya qiling;
• g‘o‘za maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan gektariga 250 kg dan ikkinchi va uchinchi oziqlantiring;
• zararkunandalarga qarshi biologik va kimyoviy kurash choralarini kuchaytiring;
• iyun oyida kamida ikki marta aminokislotalar, mikroelementlar va biologik faol komplekslar bilan ishlov bering;
• o‘sishni boshqaruvchi preparatlar bilan o‘z vaqtida ishlov o‘tkazing;
• har bir gektar maydonga ikkitadan suvchini jalb etgan holda tunu-kun sug‘orishni tashkil eting;
• Shinjon usulida ekilgan maydonlarda tomchilatib sug‘orishni joriy eting;
• biologik stimulyatorlar bilan qo‘shimcha ishlov bering;
• biolaboratoriyalarda entomofaglarni ko‘paytirib, o‘z vaqtida dalalarga tarqating;
• trixogrammani belgilangan me’yorlarda tarqatib boring;
• klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni jadallashtirib, yuqori hosil va daromad olishga erishing.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning e’tirofga arzigulik darajadagi biznes rejalaringiz asosida bir necha yillar faqat xomashyo sifatida sotilgan tolalarimiz bugungi kunda qayta ishlanib, tayyor mahsulot bo‘lib milliy iqtisodiyotimiz o‘sishiga va eksport salohiyatimiz mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, Sizlarning rejalaringizning muhim omili yetishtirilgan hosilning o‘z vaqtida, sifatli yig‘ib olinishiga bog‘liqdir.
Fermer xo‘jaliklariga g‘o‘za parvarishi va uning agrotexnikasida moliyaviy yordamingizni ayamasingiz, kuzda buning o‘z mevasini ko‘rishni esdan chiqarmang.
Qadrli fermerlar!
Ushbu yilda ham qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida yuqori hosil yetishtirish uchun hozirdanoq puxta zamin yaratilishi kerak. Yuqorida qayd etganimizdek, g‘o‘za dalalarida agrotexnika tadbirlarini qisqa muddatlarda, sifatli qilib yakunlash choralarini ko‘rish shu kunning muhim vazifasidir.
Barchangizni mazkur ezgu ishda ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb 30 kunlik” mobaynida paxtachilikda kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlarni tizimli va o‘z muddatlarida amalga oshirishga da’vat etamiz!
Qamashi tuman fermerlari kengashi
