Kam xarajat — mo‘l hosil: ‘No-Till’ texnologiyasi fermerlar uchun yangi imkoniyat
2026-05-12 17:50:00 / Yangiliklar

Qamashi tumanining G‘allakor hududidagi lalmikor yerlarda joylashgan “Jovli bobo o‘g‘li Baxtiyor” fermer xo‘jaligida FOLUR loyihasi doirasida “No-Till” dala seminari o‘tkazildi.
Seminar davomida tuproq unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish hamda resurs tejovchi, tuproqni himoya qiluvchi zamonaviy texnologiyalar haqida so‘z yuritildi. Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov, FAO vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, fermerlar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Unda yerga ortiqcha ishlov bermasdan ekin yetishtirishga asoslangan “No-Till” usulining afzalliklari haqida amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu usul orqali tuproqning hosildor qatlami saqlanib qoladi, namlik yo‘qolishi kamayadi va natijada yuqori hosil olish imkoniyati ortadi.
Shuningdek, “No-Till” texnologiyasi asosida yetishtirilgan mahsulotlarning sifati va tabiiy immuniteti yuqori bo‘lishi, bu esa ekologik toza hamda sifatli mahsulot yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.









