PAXTADAN YUQORI DAROMAD OLING – PREZIDENTIMIZ YARATIB BERGAN IMTIYOZLAR DAN FOYDALANING!
2026-05-11 10:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Bu yilgi tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, Siz fermer va dehqonlar tomonidan respublika bo‘yicha 889,5 ming gektar maydonlarda, shundan 300 ming gektardan ortiq Shinjon usulida chigit qadab, paxtadan 4,5 million tonnalik hosil xirmoni yaratishdek ulkan marralar olingan.
Joriy yil bahor oylarida ob-havoning seryog‘in bo‘lganligi hisobiga erta muddatlarda chigit ekilgan maydonlarda, nihollar unib chiqishi davrida shira, trips, o‘rgimchakkana zararkunandalari hamda fuzarioz, vilt, gommoz kasalliklari uchramoqda.
Zararkunanda va kasalliklarni oldini olish maqsadida g‘o‘za barglarini doimiy sinchiklab kuzatib borish, dala atrofiga biologik va kimyoviy ishlovlar berish zarur. Zararkunanda va kasalliklarga o‘z vaqtida qarshi ishlovlar o‘tkazilmaganda kutilayotgan hosilning 30-40 foizini yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Mirishkor fermerlar!
Fermer – yerga paxta urug‘ini qadagan mahaldan boshlab kun sanaydi: umid bilan qadagan niholni to‘la-to‘kis undirib olgunicha ozmuncha ter to‘kadimi, mehnat qiladimi? Murakkab ob-havo sharoitidan tortib, eng kerakli agrotexnik tadbirlarni qo‘llashgacha bo‘lgan jarayonlardan eson-omon o‘tish oson kechmaydi, albatta.
Eng muhimi, fermer bu yilgi may-iyun-iyul oylarining issiq kunida paxtaning hosilini olib qolib, tunu kun qilgan halol zahmatli xizmatlari mevasi naqadar totli ekanini hosil pishib yetilib, o‘z vaqtida terib-yig‘ib olinib, xirmonga to‘kilgan damda, asosiysi, belgilangan rejalar oshirib uddalanganidan keyingina anglab yetadi. Buning uchun esa bugundan har bir fermer xo‘jaligi rahbari o‘z paxta dalasida “Zarbdor bir oylik” e’lon qilishi lozim.
Himmati baland mirishkor dehqon va fermerlar!
Yuqoridagidan kelib chiqib, paxtadan yuqori hosil olish uchun may-iyun oylarida, ya’ni “Dolzarb bir oylik”da biz fermerlar agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda qo‘shimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarga har qachongidan ham ziyoda mas’uliyat bilan yondoshishingiz so‘raladi:
BIRINCHIDAN, OCHIQ MAYDONLARDA 76X10 SM QO‘SHQATOR EKILGAN G‘O‘ZA QATOR ORASIGA QUYIDAGICHA ISHLOV BERING
-
Ochiq maydonlarda g‘o‘za qator orasiga 1-ishlov berish dalada 75-80 foiz ko‘chat unib chiqib, qatorlari yaqqol ko‘rinishi bilan boshlanadi. Dalada kultivatorni birinchi yo‘nalishini shunday belgilash kerakki, kultivator aynan seyalka izidan harakatlanishi shart.
-
Shunday qilinganda, g‘o‘za qatorlarining himoya zonasi saqlanadi, ko‘chatlarning shikastlanishi va ko‘milib qolinishining oldi olinadi, kultivatsiya sifatli o‘tkaziladi.
-
1-ishlov berishga sozlangan kultivatorlarda 5 ta g‘ozpanja, 14 ta noralnik, 4 ta o‘ng va 4 ta chap sferik disk hamda 4 ta o‘ng va 4 ta chap pichoq o‘rnatilib, jami ishchi organlari soni 33-35 tani tashkil qiladi.
-
Ochiq maydonda 76x10-11 sm sxemada qo‘shqator ekilgan dalalarda g‘o‘za qator oralariga traktor g‘ildiraklari orqasiga joylashgan kultivatorning sferik disklari g‘o‘za qator orasida o‘simlikdan 6-8 sm uzoqlikda va 6-7 sm chuqurlikda ma’lum burchak hosil qilgan holda harakatlanadi.
-
Disk ortidan pichoqlar 6-8 sm uzoqlikda va 5-6 sm chuqurlikda, egatlarning qoq o‘rtasidan yuradigan g‘ozpanja 12 sm qamrovda va 12-14 sm chuqurlikda tuproqni yumshatib boradi.
-
G‘o‘za qatorlarini kultivatsiya qilish jarayonida chopiq traktorlari past tezlikda, bir maromda yurgizgan holda amalga oshiriladi, natijada o‘simlikning ildiziga havo va issiqlik yetib boradi va ularning baravj va durkun o‘sishi ta’minlanadi.
IKKINCHIDAN, OCHIQ MAYDONLARDA 76 SM YAKKAQATOR EKILGAN G‘O‘ZA MAYDONLARIDA QATOR ORASIGA ISHLOV BERISH
-
Ochiq maydonlarda 76 sm yakkaqautor ekilgan g‘o‘za maydonlarida chigitlarni unib chiqishini jadallashtirish va to‘liq gektar hosil qilish, shuningdek, g‘o‘za nihollari to‘liq unib chiqqan maydonlarda esa qator oralariga birinchi ishlov berishni tashkil qilish lozim.
-
Bunda, kultivator o‘g‘itlagichning gryadillariga birinchi juft ishchi jihoz sifatida mayda KKO (4-6 sm chuqurlikda), ishchi organ sifatida 6-8 sm chuqurlikda naralnik va oxiriga 10-12 sm chuqurlikka g‘ozpanja o‘rnatgan holda kultivatsiyani qator orasi 66 sm kenglik qamrovida traktorni past tezlikda yurgizgan holda amalga oshiriladi.
-
Birinchi ishlov berishda tuproq sharoitini hisobga olgan holda, kultivatorning har bir qator orasida ishlashda 5 tadan ishchi organi, ya’ni 2 ta yumshatgich panja (KKO), 2 ta yassi kesuvchi panja (naralnik) va 1 ta g‘ozpanja (lapka) o‘rnatish tavsiya etiladi.
-
Qator orasiga ishlov berish o‘z muddatida va sifatli bajarilmasa, tuproqdagi namlik yo‘qolishiga olib keladi, o‘simlik ildizi shikastlanadi, o‘sish va rivojlanish jarayonlari sekinlashib, 10-15 kunga kechikadi, g‘o‘za hosildorligi 7-8 s/gacha kamayishi mumkin.
UCHINCHIDAN, G‘O‘ZANI MINERAL O‘G‘ITLAR BILAN OZIQLANTIRISH TARTIBI
G‘o‘zaning o‘suv davrida oziqa moddalarning yetarli bo‘lishi uning maqbul o‘sishi va rivojlanishi hamda yuqori va sifatli hosil olishni ta’minlaydi.
-
Azot yetishmasa barglari mayda va yashil sarg‘ish rangli, kalta bo‘yli bo‘lib qoladi.
-
Fosfor yetishmaganda ildiz tizimi sekin rivojlanadi, barglarda qizg‘ish tomirlar paydo bo‘ladi.
-
Kaliy yetishmaganda bargda qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, vilt bilan kasallanishi kuchayadi. G‘o‘zaga qo‘llaniladigan fosforli va kaliyli o‘g‘itlarning yillik me’yorlari azotli o‘g‘itga asosan N:P:K=1:0,7:0,5 nisbatda belgilanadi.
TO‘RTINCHIDAN, SHINJON USULDA YETISHTIRILAYOTGAN G‘O‘ZA MAYDONLARINI MINERAL O‘G‘ITLAR BILAN OZIQLANTIRISH
-
Ekish oldidan fosforli va kaliyli o‘g‘itlar yillik me’yorining 100 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
-
Vegetatsiya davrida azotli o‘g‘itlar tomchilatib sug‘orish shlanglari orqali fertigatsiya usulida beriladi.
-
3-4 chinbarg davrida 50 kg/ga ammiakli selitra, shonalash davrida 2 marta 75 kg/ga.dan, gullash davrida esa 3 marta 100 kg/ga.dan oziqlantirish tavsiya etiladi.
BESHINCHIDAN, OCHIQ USULDA YETISHTIRILAYOTGAN G‘O‘ZA MAYDONLARINI MINERAL O‘G‘ITLAR BILAN OZIQLANTIRISH
O‘rtacha 50 s/ga hosil olish uchun: azot 750 kg/ga (selitra), fosfor 300 kg/ga (ammofos), kaliy 200 kg/ga (kaliy xloridi) talab etiladi.
-
1-oziqlantirish: 3-4 chinbargda yillik azotning 20 foizi.
-
2-oziqlantirish: Shonalashda yillik azotning 45 foizi va kaliyning 50 foizi.
-
3-oziqlantirish: Gullash boshida azotning 35 foizi va fosforning 30 foizi.
OLTINCHIDAN, TAMAKI TRIPSIGA QARSHI KURASH CHORALARI
G‘allaning pishish arafasida tripslar g‘o‘zaga ko‘chib o‘tishi mumkin. Buning oldini olish uchun g‘alla maydonlariga ishlov berish va g‘o‘za chetlarini kimyoviy preparatlar bilan purkash lozim. Trips bitta niholda 4-5 donadan ortsa, Imidakloprid, Atsetamiprid yoki Tiametoksam kabi preparatlar bilan ishlov beriladi.
YETTINCHIDAN, O‘RGIMCHAKKANAGA QARSHI KURASH CHORALARI
Oltingugurt o‘rgimchakkanaga qarshi eng samarali va arzon vositadir. Shuningdek, oltinko‘z entomofagini gektariga 2000-2500 donadan tarqatish tavsiya etiladi. Agar bitta bargda 7-8 dona kana uchrasa, maxsus akaritsidlar (Geksitiazoks, Abamektin) qo‘llaniladi.
SAKKIZINCHIDAN, BEGONA O‘TLARGA QARSHI GLIFOSAT GERBITSIDI BILAN ISHLASH
Glifosat faqat maxsus genetik jihatdan o‘zgartirilgan, glifosatga chidamli (Gt-genli) xorijiy g‘o‘za navlaridagina ishlatiladi. Mahalliy navlarda bu moddani qo‘llash o‘simlikni nobud qiladi.
ESLATMA!!! Katta maydonlarga sepishdan oldin, 1 sotix (10x10 m) joyda sinov o‘tkazish shart. Agar 3-4 kun ichida g‘o‘zada salbiy o‘zgarish kuzatilmassa, qolgan maydonlarga ishlov berish mumkin.
Barchangizni yuqoridagi tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga munosib hissangizni qo‘shishga hamda “Dolzarb bir oylik”da yuqori hosil olishga da’vat etamiz!
