Qamashi tumani prokurori B.B. Bahodirovning MUROJAATNOMASI
2026-04-28 17:45:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz ana shu yangilanish va o‘zgarishlar samarador bo‘lishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri darajasiga ko‘tardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga so‘zsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi illatning oldini olishga bevosita bog‘liqdir.
Aziz Qamashi tumani fuqarolari!
O‘zbek vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkor, sarmoyador bo‘ladimi — barchasi O‘zbekistonimizda tinch va osoyishta, munosib hayot sharoitlari bilan ta’minlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan bo‘lishi shart.
Qonun ustuvorligini ta’minlamasdan bu vazifaga erishib bo‘lmaydi.
“Yangi O‘zbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.
Tumandagi kriminogen vaziyat aholining turmush tarziga, moddiy va ijtimoiy ahvoliga, tadbirkorlik hamda biznes muhitiga katta ta’sir ko‘rsatadi, uning o‘ziga xos, alohida yondashuv talab etadigan jihatlari bor.
Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Bu ishlar kundalik hayotda ham ko‘rinmoqda. Jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash qanchalik muhim bo‘lsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf etish ham shunchalik muhimdir.
Shu bois, tumanning har bir ko‘chasida, mahallasida, bozori va jamoat joylarida xavfsiz muhitni yaratish choralarini ko‘rmoqdamiz.
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2026 yildagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli, “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-sonli hamda 18.03.2025 yildagi “Respublikadagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-111-sonli qarorlari asosida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Mening rahbarligimda tuman idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tashkil etilib, ishchi guruh tarkibi va vazifalari belgilandi.
Tumandagi 57 ta mahalladan kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 14 tasiga mas’ul rahbarlar biriktirildi. Barcha mahallalar bo‘yicha aniq “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
Belgilangan rejalar asosida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, kirish-chiqish joylarini nazoratga olish, “domofon” va “tashvish tugmasi” tizimlarini joriy etish, uy-joy va obyektlarni qo‘riqlovga olish kabi ishlar to‘liq bajarildi.
Shuningdek, “Namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “Namunaviy xavfsiz uy” loyihalari ham amaliyotga tatbiq etildi.
Albatta, bu ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Biroq, joriy yilning 3 oyida tumanda 171 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Xususan, internet orqali sodir etilgan jinoyatlar keskin oshgan. Bu holatlar fuqarolardan yanada hushyor bo‘lishni talab etadi.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarimizdan firibgarlik qurboni bo‘lmaslik uchun internetdagi shubhali xabar va takliflarga ishonmaslikni, bank kartalari va shaxsiy ma’lumotlarini begonalarga bermaslikni so‘raymiz.
Aziz hamyurtlar!
Jinoyatlarga qarshi kurashishda prokuratura organlari sizlar bilan hamkorlikda barcha turdagi jinoyatlarga chek qo‘yishga kafolat beradi.
Shu bois, sizlarni jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda faol bo‘lishga chaqiramiz. Har bir fuqaroning hushyorligi, mas’uliyati va befarq bo‘lmasligi bu borada muhim ahamiyatga ega.
Yana bir bor ta’kidlayman: har qanday jinoyatga tezkor munosabat bildiriladi va qonun buzgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrar ta’minlanadi.
Barchamiz jinoyatsiz, tinch va farovon Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!
