Joriy yil 18-apreldan – 18-maygacha “Chorvachilikda sanitariya-epidemiologiya va gigiyena” oyligini e’lon qilish va epizootik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Qamashi tuman fermerlari kengashining MUROJAATI
2026-04-21 18:05:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda dunyoda ekologik muvozanat va iqlim o‘zgarishi natijasida chorva hayvonlarida turli yangi tipdagi kasalliklar yuzaga kelmoqda. Xususan, xorijiy davlatlarda chorva mollarining oqsil (yashur) kasalligi tarqalish xavfi ortib bormoqda.
Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda, jumladan Osiyo qit’asidagi 22 ta, Yevropa qit’asidagi 3 ta, Afrika qit’asidagi 23 ta davlatda hayvonlarning oqsil kasalligining yangi “SAT” tipi tarqalishi qayd etilgan.
Oqsil kasalligining A, O, Aziya-1 tiplariga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalar SAT-1 va SAT-2 tiplaridan himoya qilmaydi.
Kasallikning vaksina qo‘llanilmagan hayvonlarga yuqish ehtimoli yuqori bo‘lib, hayvonlarning mahsuldorligi va nasl berish qobiliyati pasayadi.
Kasallik tarqalishining oldini olishda chorva hayvonlarini reja asosida o‘z vaqtida emlash, veterinariya-sanitariya tadbirlarini bajarishda veterinariya xodimlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda chorva mollari egalari mas’uliyatli bo‘lib, faol qatnashishlari lozim.
Kasallik tarqalishining oldini olish uchun:
- xo‘jalik yoki fermaga kirish joylariga hayvonlar va transport vositalari uchun dezobarerlar, ishchi xodimlar uchun dezinfeksiya vositalari va shimdirilgan dezomatlar tashkil qilinib, ularning konsentratsiyasi veterinar tomonidan doimiy nazorat qilinishi, shuningdek, hududga begona shaxslar va transport vositalarining kirishiga yo‘l qo‘yilmasligi;
- hayvonlarni saqlashda zoogigiyenik ko‘rsatkichlar (namlik, harorat, havo aylanishi, tabiiy va sun’iy yorug‘lik, ammiak va boshqa gazlar miqdori) me’yorda bo‘lishiga rioya qilish;
- sifatli ozuqa va suv bilan ta’minlash, go‘ngni o‘z vaqtida chiqarish, ishchi xodimlarni maxsus kiyim-kechak va asbob-uskunalar bilan ta’minlash;
- daydi hayvonlar, mushuk, it va qushlarni ferma binolariga yaqinlashtirmaslik, sichqon va kalamushlarga qarshi deratizatsiya tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish.
Kasallikka shubha qilinganda veterinar yetib kelgunga qadar kasal hayvonni alohida saqlash va kasallik tarqalishining oldini olish zarur. Hayvon qarovchilariga molxona yoki hovlidan tashqariga chiqishga ruxsat bermaslik kerak.
Agar oqsil kasalligi alomatlari (yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘ida yaralar, tuyoqlarda o‘zgarishlar, yelin so‘rg‘ichlarida yaralar) aniqlansa:
- darhol veterinariya vrachiga xabar berish, uning maslahatiz dori yoki dezinfeksiya vositalaridan foydalanmaslik;
- veterinariya bo‘limi holatni o‘rganib, kasallik tasdiqlansa karantin chora-tadbirlarini joriy qiladi;
- kasallangan va shubhali hayvonlarni izolyatorga ajratish;
- molxonadagi go‘ng va iflosliklarni yo‘q qilish (yoqish);
- binolarni tozalash va dezinfeksiya qilish;
- sutni qaynatmasdan iste’mol qilmaslik va boshqalarga bermaslik;
- hayvon mahsulotlarini (sut, go‘sht, teri va boshqalar) hududdan tashqariga chiqarmaslik.
Kasallangan hayvonlarda:
- og‘iz va yelin yaralari uchun — bikarbonat (choy sodasi), kaliy permanganat;
- oyoq yaralari uchun — natriy gidroksid, natriy gipoxlorid va boshqa eritmalar bilan ishlov berish lozim.
Tozalashdan so‘ng organik kislotalar, formalin va kreolin eritmalari bilan qayta ishlov berish zarur.
Oqsil kasalligiga qarshi chorva mollari yiliga ikki marta emlanadi: qoramollar bahor va kuzda, qo‘ylar esa yiliga bir marta.
Emlashdan 15–21 kun o‘tgach immunitet shakllanadi. Emlash ishlari veterinariya mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Kasallik alomatlari kuzatilganda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining ishonch raqamlariga murojaat qilishingiz so‘raladi.
Hurmatli fermerlar! Chorva sog‘lomligi — bu tozalik va veterinariya qoidalariga rioya qilishdan boshlanadi.
Tozalik — bu faqat tartib emas, balki yuqori mahsuldorlik va barqaror daromad garovidir.
