Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash: qonunchilik, javobgarlik va oqibatlar
2026-04-16 17:30:00 / Yangiliklar

Yer resurslari davlatning muhim strategik boyligi hisoblanadi. Ulardan oqilona va qonuniy foydalanish jamiyat barqarorligi hamda iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biridir. Shu sababli yer munosabatlarini tartibga solish va qonunbuzarliklarning oldini olish masalasi doimo dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Amaliyotda ayrim shaxslar tomonidan yer uchastkalarini tegishli hujjatlarsiz egallab olish, davlat yoki zaxira yerlaridan noqonuniy foydalanish, ruxsatsiz qurilishlar amalga oshirish holatlari ko‘p uchramoqda.
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallash — bu vakolatli organlarning qarorisiz yer maydonini egallab olish yoki undan foydalanishdir. Bunday harakatlar amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229¹-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash jinoyat deb e’tirof etiladi.
Mazkur moddaning 1-qismida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
2-qismida esa, sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, noqonuniy egallangan yer uchastkasi majburiy tartibda qaytariladi va yetkazilgan zarar undiriladi.
Agar birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan, u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ta’minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Yerlarni noqonuniy egallash bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi. Jumladan, yer resurslaridan samarasiz foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining qisqarishi, fuqarolar o‘rtasida nizolar kelib chiqishi, davlat manfaatlariga zarar yetishi, hududlarda tartibsizlik yuzaga kelishi mumkin.
Yer — milliy boylik hisoblanadi. Uni asrash va undan oqilona foydalanish har bir fuqaroning burchidir. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning burchlari belgilangan bo‘lib, 60-moddasiga ko‘ra, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash esa qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonun ustuvorligini ta’minlash, yer resurslaridan samarali foydalanish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qamashi tuman sudi raisi
A. O‘ralov
