Giyohvandlik — umr zavoli
2026-04-10 17:05:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda giyohvandlik jamiyat uchun eng jiddiy muammolardan biriga aylangan. U nafaqat inson salomatligiga zarar yetkazadi, balki uning hayotini, orzu-umidlarini va kelajagini ham barbod qiladi. Afsuski, ayrimlar bu xavfli yo‘lga “shunchaki qiziqish” yoki “oson pul topish” ilinjiда qadam qo‘yadi. Ammo bunday qaror og‘ir oqibatlarga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida giyohvandlik bilan bog‘liq har qanday harakat qat’iyan taqiqlangan va jiddiy jazolar bilan belgilangan. Masalan, narkotik vositalarni saqlash yoki ko‘tarib yurish — hatto juda oz miqdorda bo‘lsa ham — jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. “O‘zim uchun” degan bahona insonni jazodan qutqarmaydi.
Giyohvandlik vositalarini sotish yoki tarqatish esa eng og‘ir jinoyatlardan biri hisoblanadi. Bunday harakatlar, ayniqsa ko‘p miqdorda sodir etilganda, 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tomorqada ko‘knor yoki shunga o‘xshash o‘simliklarni yetishtirish ham qonunan man etiladi va jinoyat sifatida baholanadi.
Hozirgi kunda xavf yanada kengaydi. Endi nafaqat an’anaviy narkotiklar, balki kuchli ta’sir qiluvchi dorilar — masalan, “Lirika”, “Tramadol” kabi vositalar hamda “sintetik” moddalar (tuz, spays) uchun ham javobgarlik kuchaytirilgan. Ularni noqonuniy saqlash, sotish yoki tarqatish narkotiklar bilan bir xil darajada jazolanadi.
Ayniqsa, internet orqali narkotik savdosining ko‘payishi xavotirli holatdir. Telegram-botlar yoki boshqa raqamli platformalar orqali “oson ish” takliflari ortida ko‘pincha jinoiy faoliyat yashiringan bo‘ladi. “Kuryer” sifatida ishlash yoki reklama qilish ham insonni jinoyat yo‘liga olib kirib, oxir-oqibat panjara ortiga yetaklaydi. Shuni unutmaslik kerakki, huquq-tartibot organlari bunday holatlarni aniqlash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi va “raqamli izlar”ni topish qiyin emas.
Shu bilan birga, qonunchilikda insonga o‘z xatosini tuzatish imkoniyati ham berilgan. Agar shaxs ixtiyoriy ravishda o‘zidagi narkotik vositalarni tegishli organlarga topshirsa va jinoyatni ochishga yordam bersa, u javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bu — adashgan inson uchun yangi hayot boshlash imkoniyatidir.
Xulosa qilib aytganda, bir martalik qiziqish yoki tez pul topish istagi inson taqdirini izdan chiqarishi mumkin. Giyohvandlik — bu nafaqat shaxsiy muammo, balki butun jamiyat uchun tahdiddir. Har birimiz sog‘lom turmush tarzini tanlab, o‘z kelajagimiz va yaqinlarimizning baxtli hayoti uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qamashi tuman sudi raisi
A. O‘ralov
