Qamashi tumani hokimi Xurshid Usmonov 2026-yilda Qamashi tumanida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va mahallalarda obodonlashtirish, tomorqalardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan yig'ilish o'tkazdi.
2026-04-08 12:50:00 / Yangiliklar

Qamashi tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi bandligini ta’minlash hamda hududlar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tumanda olib borilayotgan ishlar yuzasidan tuman hokimi Xurshid Usmonov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, tumanda aholi bandligini oshirish va iqtisodiy faollikni kuchaytirish maqsadida bir qator yirik investitsiya loyihalari boshlangan. Xususan, Uzun mahallasida “BBUAzamat” MChJ tomonidan 6,3 gektar maydonda qiymati 2 million dollarlik dorivor o‘simliklarni yetishtirish, quritish va qadoqlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha natijasida 30 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, Yuksalish mahallasida 60 sotix yer maydonida asfalt ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirgi vaqtda zarur texnologik uskunalar olib kelinmoqda.
Odoqjonbo‘z mahallasida tadbirkor Sherzod Maxmatmurodov tomonidan sovutgichli sig‘im tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa tumanda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, ularni bozor talabidan kelib chiqib realizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, “Matanat” hamda “Oq saroy tekstil” korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar yakuniy bosqichga yetgani ta’kidlandi.
Xizmat ko‘rsatish sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, tuman markazida zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazi (mall) faoliyatini yo‘lga qo‘yish, turizm yo‘nalishidagi loyihalar hamda bog‘lar tashkil etish ishlari yakuniy bosqichda turibdi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida 4 ta mahallada, og‘ir toifaga kiritilgan 13 ta mahallada hamda qishloq joylarini kompleks rivojlantirish dasturi asosida yana 9 ta mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi mas’ul rahbarlarga amalga oshirilayotgan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.




