Tashqi reklama o‘rnatishda belgilangan talablarga rioya qiling
2026-03-28 14:30:00 / Yangiliklar

Qamashi tumanida O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu doirada tuman hokimligi ishchi guruhi a’zolari tomonidan markaziy ko‘chalarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Unda tashqi reklama vositalari, peshlavhalar, e’lonlar va axborot matnlarining davlat tilida berilishi, ularning yaroqliligi hamda belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan daraxt tanalari, beton ustunlar, devorlar va binolarga qonunchilik talablariga zid ravishda joylashtirilgan reklama vositalari mavjudligi aniqlandi. Ushbu holatlar yuzasidan tadbirkorlarga amaldagi qonunchilik, xususan davlat tilida reklama berish talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, talabga javob bermaydigan va noqonuniy o‘rnatilgan reklama bannerlari hamda e’lonlar belgilangan tartibda olib tashlandi. Ayni paytda hududlarda obodonlashtirish ishlari ham davom ettirilmoqda.






