Qamashi tumanida pomidor yetishtiruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
2026-03-25 14:15:00 / Yangiliklar

Qamashi tumani Sarbozor mahallasida “Yangi yo‘l Agrostar” tomonidan tashkil etilgan ko‘chatchilik tajriba maydonida Turkiyadan kelgan investor va mutaxassislar ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Xurshid Usmonov, Biznesni rivojlantirish banki mas’ullari, Agrostars vakillari, tumandagi dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda mahallalardagi hokim yordamchilari qatnashdi.
Seminarda Turkiyaning “Taris” kompaniyasi vakili Kamal bey hamda "UFarmer Akademiyasi" mutaxassislari tomonidan pomidorning quritishga mo‘ljallangan navlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, investorlar pomidor ko‘chatlarini o‘zlari yetkazib beradi va yetishtirilgan hosilni quritilgan holda kafolatli tarzda sotib oladi. Bu esa dehqonlar uchun barqaror bozor yaratadi.
Shuningdek, pomidor yetishtirishda xalqaro tajribaga tayanish, mahsulot tannarxini jahon bozori talablari asosida shakllantirish, quritish texnologiyalari bo‘yicha amaliy o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.
Mutaxassislar tomonidan ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali qo‘l mehnatini kamaytirish, hosildorlikni oshirish va mahsulot tannarxini pasaytirish muhim ekani alohida ta’kidlandi. Tuproqni tayyorlashdan tortib hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash zarurligi qayd etildi.









