Qamashi tumani Fermerlar kengashi Rayosati a’zolarining barcha mirishkor fermerlarga, bobodehqonlarga hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga tegishli korxonalarga MUROJAATI
2026-03-27 14:50:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermerlar, dehqonlar va qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilari!
Siz aziz dehqonlarning yaratuvchanlikka asoslangan mehnatingiz asrlar davomida xalqimizning farovon turmushi, to‘kin dasturxonining asosiy sababi sifatida yuksak e’tirof etilgan va qadrlangan.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash nafaqat qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, balki iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatish orqali aholi farovonligini oshirishning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari Navro‘z umumxalq bayrami tadbirida mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, ularning xalqimiz dasturxonini to‘kin va farovon qilishdek sharafli mehnatini e’tirof etdi hamda bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.
Ushbu qo‘llab-quvvatlashdan ruhlanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash har birimizdan mas’uliyat va faollikni talab qilayotgan eng dolzarb vazifalardan ekanligini his qilib, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlarini qisqa muddatlarda ekishni tashkil etib, ichki ehtiyojni to‘liq qondirish orqali bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shaylik.
Har bir qarich yer — imkoniyat. Undan oqilona foydalanish esa nafaqat shaxsiy manfaat, balki yurtimiz farovonligiga qo‘shilgan hissadir. Shu shior bilan bir qarich yerimizga ham mahsulot ekishni tashkil etaylik.
Keling, birgalikda harakat qilib, xalqimiz dasturxonini to‘kin, yurtimizni yanada farovon qilaylik!
Bugun fermerlarimizning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ishlari e’tirof etilayotgani shu muqaddas zamin farzandi bo‘lgan siz aziz fermerlarni o‘z davlati va xalqi oldidagi burchini sidqidildan ado etishga undashiga ishonamiz.
Himmati baland dehqon va fermerlar!
Mamlakatimiz aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, bozorlarda narx-navoning keskin oshib ketishining oldini olish eng asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz zarur.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish strategik ahamiyatga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, dehqon va fermerlarimiz uchun muhim daromad manbai hamdir. Ayniqsa, kartoshka yetishtirish kundalik iste’molda eng zarur mahsulotlardan biridir.
Shu bois, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish, narxlar barqarorligini ta’minlash hamda importga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik! “Dolzarb bir oylik” doirasida dala chetlaridan oqilona va samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xususan kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang.
Bundan tashqari, bog‘ va qator oralari imkoniyatlaridan unumli foydalanib, qo‘shimcha sabzavot ekinlarini ekish orqali hosildorlikni oshirish va mahsulot turlarini ko‘paytirishga hissa qo‘shing.
Mirishkor va fidoyi fermerlar!
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yuqori hosil olish uchun mart–aprel oylarida, ya’ni “dolzarb bir oylik” davrida sabzavot urug‘larini o‘z vaqtida ekish va zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda quyidagi tadbirlarni amalga oshirishingizni so‘raymiz:
- birinchidan, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan ochiq maydonlarda kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang;
- ikkinchidan, 10 kun muddatda dala chetlariga sabzavot, poliz, moyli, dukkakli yoki makkajo‘xori ekinlarini joylashtiring;
- uchinchidan, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, sifatli va sertifikatlangan urug‘lardan foydalaning;
- to‘rtinchidan, tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlardan foydalaning;
- beshinchidan, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy eting;
- oltinchidan, ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish choralarini ko‘ring hamda o‘g‘itlardan me’yorida foydalaning.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Barchangizni “dolzarb bir oylik” doirasida mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanib, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini qisqa muddatda ekib yakunlashga chaqiramiz.
Keling, ekin ekish ishlarini shunday ko‘tarinki ruhda tashkil etaylikki, har bir yurtdoshimiz o‘zini dehqondek his etsin!
Barchangizni ushbu ezgu ishda faol ishtirok etishga, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga hamda yurtimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga chorlaymiz.
Qamashi tumani Fermerlar kengashi Rayosati a’zolari
