Qovchin mahallasida yangi o‘quv markazi: yoshlar uchun yangi imkoniyatlar
2026-03-14 18:50:00 / Yangiliklar

Yoshlar kuni munosabati bilan Qamashi tumanida yoshlar tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishishning navbatdagi manzili Qovchin mahallasi bo‘ldi.
Mazkur hududda shu vaqtga qadar turli fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatadigan o‘quv markazlari mavjud emas edi. Yosh tadbirkor Sevara Maxatova ushbu ehtiyojni inobatga olib, 100 million so‘m imtiyozli kredit asosida zamonaviy o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Bugungi kunda markazda 100 nafarga yaqin yoshlar ona tili, ingliz tili, nemis tili, mental arifmetika, matematika hamda biologiya fanlaridan qo‘shimcha bilim olmoqda. Bu esa hudud yoshlarining bilim va salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tuman hokimi Xurshid Usmonov o‘quv markazi faoliyati bilan tanishib, yoshlar bilan suhbatlashdi hamda ularni bilim olishga, o‘z ustida muntazam ishlashga va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga chaqirdi.
#YoshlarKuni #Qamashi #Tadbirkorlik





