“Tashabbusli budjet” jarayonlarini o‘tkazish hamda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi
2026-01-12 14:30:00 / Yangiliklar

Loyihalar g‘olib deb topilishi uchun minimal ovoz soni 50 ta etib belgilandi (avval 10 ta edi). Ya’ni, loyihalar ovoz berish bosqichida kamida 50 ta ovoz to‘plashi shart. Mazkur talab loyihalarning keyingi jarayonlarda, jumladan qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash bosqichida hisobga olinishi uchun minimal chegara sifatida belgilangan.
Shuningdek, jihozlash loyihalari uchun eng yuqori qiymat bazaviy hisoblash miqdorining 2 ming barobari etib belgilandi (avval 4 ming barobar edi).
Yangi tartibga ko‘ra, “tanaffus” berish amaliyoti mahalla soni 15 ta va undan kam bo‘lgan tuman (shahar)lardagi mahallalarga, “Top-100” ro‘yxatiga kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga, shuningdek loyihalarni sheriklik asosida amalga oshirgan mahallalarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Bunda, loyiha kiritish imkoniyati cheklangan mahallalarga sherikchilik asosida loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Ovoz berish bosqichi yakunlanganidan so‘ng o‘n kun davomida qo‘shimcha g‘olib loyihalarni aniqlash bo‘yicha alohida — beshinchi bosqich o‘tkaziladi. Qo‘shimcha g‘oliblar ikki usulda belgilanishi mumkin: xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari deputatlari g‘olib bo‘lmagan loyiha uchun yetishmagan mablag‘ni tuman budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan ajratish orqali yoki Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bitta loyihani tanlash orqali.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish tartibi ham belgilandi. Bunda deputatlar loyihalarni g‘olib sifatida tanlashni “Ochiq budjet” portalidagi shaxsiy sahifalari orqali amalga oshiradi.
Qo‘shimcha g‘olib loyihalarni tanlab olish uchun qator mezonlar o‘rnatildi. Jumladan, loyiha tegishli deputatning saylov okrugi hududida joylashgan bo‘lishi, ovoz berish bosqichiga chiqqan va kamida 50 ta ovoz to‘plagan bo‘lishi, shuningdek sherikchilik asosida moliyalashtirishda ishtirok etayotgan mahallaga tegishli bo‘lmasligi lozim.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan bir mahalladan ketma-ket ikki mavsum davomida loyihalarni tanlab olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar deputat tegishli mavsum doirasida o‘z vakolatidan foydalanmasa, bu holat unga keyingi mavsum yoki mavsumlarda ushbu vakolatdan foydalanish huquqini bermaydi.
Hujjat bilan “Tashabbusli budjet” doirasida loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirish tartibi ham belgilandi.
2026-yildan boshlab aholi tomonidan loyiha qiymatining 50 foiz qismi moliyalashtirilgan taqdirda loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va qolgan qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Bunda, har bir mahallaga bir mavsumda faqat bitta loyihani sherikchilik asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi. Sherikchilik loyihalari fuqarolar tomonidan loyiha shakllantirish bosqichida maxsus shartlarga rozilik bildirgan holda ilgari suriladi.
Loyiha qiymatining 50 foiziga teng mablag‘ni to‘play olmagan sherikchilik loyihalari an’anaviy ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi. Budjet tashkilotlari bo‘yicha loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi.
Birgalikda moliyalashtirish amaliyoti doirasida loyihalarni sherikchilik asosida amalga oshirish mutlaqo ixtiyoriy hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda O‘zbekistonning 2026-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun va kelgusi yil uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlariga oid qonunni ma’qulladi. Unda “Tashabbusli budjet” dasturiga 6 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan 496 mlrd so‘m deputatlik tashabbuslari amaliyotini joriy etishga, 506 mlrd so‘m esa aholi va davlat o‘rtasidagi “qo‘shma moliyalashtirish” shaklidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Prezident qarori bilan 2026-yildan boshlab “Tashabbusli budjet” jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) deputatlar tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. G‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga salkam 3,3 mlrd so‘m ajratiladi.
Xuddi shu hujjat bilan 1-fevraldan “Tashabbusli budjet”da ayrim loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi. Bunda aholi tomonidan loyihalar qiymatining 50 foizi ixtiyoriy moliyalashtirilganda loyihalar g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foizi respublika budjetidan moliyalashtiriladi.
