Qamashi tumanida ta’lim jarayonlariga xalqaro tajriba keng joriy etilmoqda
2026-01-06 14:30:00 / Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatidan bir guruh maktab o‘qituvchilari 2025-yil 23-noyabrdan 1-dekabrgacha Malayziyaning Kuala-Lumpur shahridagi “UNIMAS” universitetida malaka oshirish dasturida ishtirok etib qaytdi. Qamashi tumanidan kimyo fani o‘qituvchisi Dilnoza Xalilova ham ushbu dasturda qatnashib, o‘z tajribasini boyitdi.
Bugun tumandagi 7-maktabda “STEAM o‘quv dasturining amaliyotga tatbiq etishning samarali usullari” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda tumandagi tabiiy fanlar o‘qituvchilari faol ishtirok etib, ilg‘or tajribalarni o‘z faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashdilar.
Seminarda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Bekzod Mamatqulov ham qatnashib, o‘qituvchilarning xalqaro tajribadan unumli foydalanib, yosh avlodga yanada sifatli ta’lim berishlari zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, 7-maktabda faoliyat boshlagan xorijlik o‘qituvchi bilan uchrashuv tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida, 2026-yildan boshlab Qamashi tumanidagi 12 ta maktabda ingliz tili fanidan xorijlik o‘qituvchilar ish boshladi.





