Qamashi tumani prokurorining murojaatnomasi
2025-12-01 09:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Qamashi tumani aholisi!
Bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizda katta ahamiyat kasb etmoqda. Internet va raqamli xizmatlar orqali bilim olish, ish yuritish, savdo-sotiq qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Bu jarayonlar jamiyatimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgani barchamizga ma’lum.
Biroq, axborot texnologiyalaridan noto‘g‘ri va qonunga xilof tarzda foydalanish holatlari ham yo‘q emas. Ayniqsa, kiberjinoyatchilik — shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, bank kartalaridan noqonuniy pul yechib olish, yolg‘on xabarlar tarqatish va turli firibgarliklar orqali aholiga zarar yetkazish holatlari ko‘paymoqda.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni quyidagilarga e’tiborli bo‘lishga chaqirib qolaman:
-
Shaxsiy ma’lumotlaringizni (pasport ma’lumotlari, bank kartasi raqamlari, parollar) ishonchsiz shaxslarga bermang.
-
Noma’lum manbalardan yuklab olingan dastur va ilovalardan ehtiyot bo‘ling.
-
Internetda tarqatilayotgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan ishonmang, yolg‘on xabarlardan saqlaning.
-
Kiberjinoyatchilik holatlariga duch kelsangiz, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Axborot texnologiyalaridan foydalanishda qonunga rioya qilish, shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash va jamiyat manfaatini himoya qilish — har birimiz uchun muhim vazifadir.
Qamashi tumani prokuraturasi aholining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlikka chaqirib, barchani ongli va mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi.
Qamashi tumani prokurori Bahriddin Bahodirov
