Olis tog‘larda yangragan birinchi qo‘ng‘iroq!
2026-09-02 09:10:00 / Yangiliklar

Bu oddiy qo‘ng‘iroq emas — tog‘lar bag‘rida kamol topayotgan farzandlarning ezgu orzulari, ilmga intilishi va yorug‘ kelajakka ishonchining sadosi!
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov 59-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida bo‘lib o‘tgan «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirida ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigini
o‘qib eshittirdi. Bolajonlarga o‘quv qurollarining tantanali ravishda topshirilishi esa bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
«Bugun biz ta’limga yaratilgan imkoniyatlarning natijasini ko‘rishimiz kerak», — dedi viloyat hokimi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 9 yilda viloyatdagi 408 ta umumta’lim maktabida 1,7 trillion so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Maktablar soni 40 taga ko‘payib, qo‘shimcha 72 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi.
«Eng asosiy maqsad — yaratilgan sharoitni ta’lim sifatiga aylantirish» ekanligi ta’kidlandi.
Bu boradagi natijalar ham quvonarli. Joriy yilning o‘zida 4 ming 283 nafar 11-sinf bitiruvchisi muddatidan avval mamlakatimiz va xorijdagi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Quvonchli chehralar, ustozlarning ezgu tilaklari va birinchi qo‘ng‘iroq sadosidan so‘ng viloyat hokimi tomonidan yangi o‘quv yilining ilk "Kelajak soati" darslari o‘tildi.
Tadbir nihoyasida viloyat hokimi mahalla nuroniylari bilan suhbatlashdi. Oqsoqollar keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida amalga oshirilayotgan islohotlar eng chekka mahallalarda ham natija ko‘rsatayotganini ta’kidlab, minnatdorlik bildirdilar.
Shuningdek, viloyat rahbari maktab pedagogik jamoasi bilan muloqot qilib, taklif va muammolarini o‘rgandi. Ushbu ta’lim maskani zamonaviy sinf doskalari bilan ta’minlanib, sport zali ta’mirlanadigan bo‘ldi.









