«Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla» — Muqimiyda bunyodkorlik ishlari avjida.
2026-07-23 09:20:00 / Yangiliklar
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Pop tumanidagi oʻrganishlari davomida Muqimiy nomi bilan ataluvchi mahallada boʻlib, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Ayni kunlarda 1 800 metr ravon piyodalar yoʻlagi, 1 600 metr zamonaviy velosiped yoʻlakchasi, 800 metr sifatli asfalt yotqizish ishlari, mahallaning koʻrkiga koʻrk qoʻshuvchi muhtasham arka, 43 ta tortqida 86 ta tungi yoritkich (800 metr tarmoq), aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun oʻrindiqlar, yoshlar va sport sevarlar uchun zamonaviy Workout maydonchasi, yangi mahalla binosi, ilm-fan va kelajak maskani boʻlgan Oʻquv markazi hamda «Ayollar salomatlik markazi» qurilishlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimi oʻrganishlar davomida koʻzlarida shukronalik va rozilik aks etib turgan mahalla nuroniylari, aholi vakillari bilan samimiy suhbatlashdi. Inson qadri ulugʻlangan yurtda har bir mahalla obod, har bir oila farovon boʻlayotgani eʼtirof etildi. Nuroniylar bunday ulkan oʻzgarishlar boshida turgan Yurtboshimizni duo qildilar.
Viloyat rahbari shu yerda bir guruh fuqarolar murojaatlarini tinglab, muammolari yechimi boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Muqimiy mahallasidagi bu ijobiy oʻzgarishlar shunchaki qurilish emas — bu odamlarning hayotga, ertangi kunga boʻlgan nigohini, kayfiyatini va dunyoqarashini oʻzgartirayotgan haqiqiy mehr va saxovat namunasidir!









