Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkatjon Abdurazakovning 65 - Xalqaro “Gullar festivali”ning tantanali ochilish marosimidagi so‘zi
2026-05-24 12:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rahbarligi ostida yurtimizda barcha sohalarda tizimli islohotlar orqali Yangi O‘zbekiston barpo etilmoqda.
Bu o‘zgarishlar samarasi xalqimiz turmush farovonligini ta’minlash, bunyodkorlik, eksport, turizm va boshqa yo‘nalishlarda erishilayotgan natijalarda o‘z aksini topyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonni modernizatsiya qilish borasidagi izchil ishlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham chuqur hurmat-e’tibor qozondi.
Taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgan mana shunday ozod va obod yurtga to‘yu-tantanalar yarashadi.
Bugun Namanganimizda ham katta tantana - gullar diyori sifatida dunyoga tanilgan maskanda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Gullar festivali” yubiley sana - 65 yoshga to‘ldi.
Shunday hayajonli va tarixiy tadbirda ishtirok etish uchun uzoq-yaqindan tashrif buyurgan Siz azizlarni chin yurakdan tabriklab, “Namanganga xush kelibsiz!” deymiz.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Muhtaram Yurtboshimiz ta’birlari bilan aytganda, «Bu bayram namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an’anaga aylanib qolgani bejiz emas. Nega deganda, gulu rayhonni, go‘zallikni yaxshi ko‘radigan va shunday obodlikni o‘z qo‘li bilan yaratadigan odamlarning qalbi ham go‘zal bo‘ladi».
Ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan namanganliklar uchun 65-xalqaro “Gullar festivali” arafasida quvonchli xabar tarqaldi.
Yubiley sana nishonlanayotgan yilda Namanganda “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Guinness rekordi o‘rnatildi.
Boshqacha aytganda, endi dunyodagi sanoqli shaharlar qatorida Namangan ham Ginnesning “Rekordlar kitobi”ga kiritilib, tarixda qoladigan bo‘ldi.
Bu ishlarimizni qo‘llab-quvvatlagan, tashabbuslari bilan festival ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqqan Prezidentimizga Sizlarning nomingizdan cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Aziz do‘stlar!
Bu yil viloyatdagi mavjud 754 ta mahallaning barchasi festival ishtirokchisiga aylandi. Har bir xonadon, har bir ko‘cha va mahalla gulzorlarga burkandi.
Ular o‘rtasida "Eng gulzor, eng obod mahalla" ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, festival yakunida g‘oliblarni munosib mukofotlaymiz, albatta.
Festival nafaqat o‘zining ko‘lami, balki mazmun-mohiyati, qalblarga zavq bag‘ishlaydigan, rang-barang tadbirlari bilan ham har yilgidan alohida ajralib turadi.
Barchamiz tantanali ochilish marosimiga jamlangan ushbu damlarda “Namangan xalqaro aeroporti” oldidan festivalning gullar bilan bezatilgan an’anaviy avtomobillar paradi start oldi.
U markaziy ko‘chalar bo‘ylab harakatlanmoqda va tez orada ushbu maydonga yetib keladi.
Mehmonlar Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘i hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkida yaratilgan betakror va maftunkor gul kompozitsiyalaridan zavq oladilar.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining 60 gektar maydonida ham gullar bilan bezatilgan kompozitsiyalar barpo etildi.
Umuman olganda, 50 kun uchun biri-biridan mazmunli tadbirlar rejalashtirilgan. Har bir kun mehnatsevar, gulsevar namanganliklar va mehmonlar uchun chinakam bayramga aylanadi.
Shu yil 23-26 iyun kunlari III xalqaro maqom san’ati anjumani aynan Namanganda o‘tkazilishi belgilangani ham barchamizni quvontirdi.
Dunyoning mashhur maqomchilari gullar shahriga kelib, o‘z mahoratlarini namoyon etish bilan birga, 65-xalqaro yubiley “Gullar festivali” mazmun-mohiyatini yanada boyitadilar.
Bu yil tumanlarda ham turli tadbir va sayllar o‘tkazilib, turizm bo‘yicha yangi lokatsiyalar tashkil etilmoqda.
Albatta, bu kabi yo‘nalishlar festival doirasida Namanganga kelgan xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otadi, degan umiddamiz.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman: Festivalning viloyat iqtisodiyotidagi salmog‘i ham yildan yilga ortib boryapti.
Umumiy ovqatlanish, transport, mehmonxona, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarida 100 mingga yaqin mahalliy aholi vakillari mavsumiy ish bilan ta’minlanmoqda.
O‘tgan yili festival kunlarida viloyatimizda umumiy savdo va xizmatlar aylanmasi qo‘shimcha ravishda qariyb 4 trillion so‘m, turizm eksporti 200 million dollardan ortgan edi.
Joriy yil biz bu ko‘rsatkichni qariyb ikki barobar oshirishni maqsad qilganmiz.
Hurmatli festival ishtirokchilari!
Aziz mehmonlar!
Namanganda o‘tayotgan “Gullar festivali” xalqaro birdamlik, do‘stlik ulug‘lanadigan tadbirlar markaziga aylanib bormoqda.
Joriy yil festivalda 1 milliondan ziyod xorijiy, 8 millionga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi kutilyapti.
Ayni vaqtda qimmatli vaqtini ayamay Namanganga tashrif buyurgan ko‘plab davlatlarning diplomatik korpus vakillariga, chet el kompaniyalari va investorlar, nufuzli mehmonlar, madaniyat va san’at namoyondalari, sayyohlar va yurtdoshlarimizni, barcha-barchalarini samimiy qutlayman.
Bugun, ushbu daqiqalarda festivalda bevosita ishtirok etayotgan:
- Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi- Muhammad Ali Iskandariy;
- Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari - Arian Zalg‘ay Azimi;
- Xitoy Xalq Respublikasining Guychjou viloyati Tashqi ishlar boshqarmasi Partiya rahbarlik a’zosi- Jiang Xong;
- Janubii Koreya Respublikasining Buyeo shahri hokimi o‘rinbosari - Xong Ыn A;
- Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Devashtich tumani hokimi - Ashurali Jalilzoda;
- Qirg‘iz Respublikasi Osh viloyati savdo sanoat palatasi raisi - Kebekbayev Mыrzamamat Toychuyevich;
- Osh shahar meri o‘rinbosari - Aydarbekova Masuda Apsamatbekovna;
hamda boshqa ko‘plab nufuzli mehmonlarga yana bir bor go‘zallik diyori Namanganga xush kelibsiz, aziz do‘stlar deymiz!
Festival kunlari sizlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘lishiga, yurtimizning mehmondo‘stligi va milliy-madaniy qadriyatlarini his etishingizga ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, festivalni yuksak saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘mak bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi ishlar va Madaniyat vazirliklari, shuningdek, Turizm qo‘mitasiga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz.
Ta’kidlab o‘tganimdek, tinch yurtga mana shunday bayramlar yarashadi.
Ona O‘zbekistonimiz doimo tinch, muhtaram Prezidentimiz omon bo‘lsinlar!
E’tiboringiz uchun rahmat!
