Namanganda katta bayram: 2-xalqaro “Namangan avto festivali” ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda.
2026-02-14 14:25:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazmaga nafaqat Namangan, mamlakatimizning turli hududlari, qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iz Respublikalaridan ham o‘nlab noyob avtoulovlar kelgani festival nufuzini yanada oshirdi.
Dastlab “Yangi Namangan shaharchasi” hududida saf tortgan avtoparad mototsikllar hamrohligida viloyat markazidagi asosiy ko‘chalar bo‘ylab harakatlandi va “Afsonalar vodiysi” temaktik parkida tantanali kutib olindi.
Bog‘ markazida tashkil etilgan sahna oldida festivalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov festival ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy qutlab, turizm salohiyatini oshirish, yoshlarni kasb-hunarga qiziqtirish, bandligini taʼminlashda bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta ekanligini eʼtirof etdi.
Taʼkidlash joiz, festivalda ijtimoiy tarmoqlardagi eng faol, auditoriyasi qariyib 1,5-3 million aʼzoni tashkil etuvchi “Tuninghause”, “Avtotuning”, “Autowitson”, “Tuningforcars” kabi kanallar asoschilari hamda mashhur avtoblogerlar ham faol ishtirok etmoqdalar.
Maʼlumot o‘rnida: Bugungi kunda viloyatimizdagi 4,2 mingdan ortiq avtomobillarga servis xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida “Ustoz-shogird” anaʼanasi asosida 11 ming nafarga yaqin yoshlar bandligi taʼminlangan.









