Birlik mahallasi – hamjihatlik va taraqqiyot yo‘lida
2025-10-24 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi kunda mahalla jamiyat hayotida eng yaqin va xalqchil tuzilma sifatida e’tirof etilmoqda. “Mahalla yettiligi” tizimi joriy etilib, aholiga kredit, subsidiya, moddiy yordam ajratish kabi yigirmadan ortiq xizmatlar aynan mahalla darajasida amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda mahallalarga yangi vakolatlar, mablag‘ va imkoniyatlar berildi. Endi muammolarni joyida hal qilish, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bevosita mahalla zimmasida.
Birlik MFYda so‘nggi yillarda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Tashabbusli byudjet” loyihasida ikki marta g‘olib chiqilib, ichki yo‘llarning 7,5 km qismi asfalt qilindi, sog‘lom turmush yo‘lagi barpo etildi, 51 ta xonadonga sug‘orish suvi olib kirildi. Suv, elektr va gaz bo‘yicha aholida muammo yo‘q.
Mahallamiz byudjetiga 2024 yilda 56 mln so‘m, joriy yilning 9 oyida esa 168,7 mln so‘m mablag‘ tushdi. Bu mablag‘ evaziga zamonaviy ofis jihozlari xarid qilindi. Shuningdek, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingida yuqori o‘rinni egallash orqali yana qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lish rejalashtirilgan.
Mahallada 69 ta kam ta’minlangan oila ro‘yxatda bo‘lib, ularga xayriyalar, oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy yordam ko‘rsatilib kelinmoqda. Aholining asosiy daromad manbasi — uzumchilik va sabzavotchilik. Shu sohalarda 40 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, 20 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan, 45 nafar fuqaro kredit asosida o‘zini o‘zi band qilgan.
Birlik mahallasida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Erta nikoh, ajralish, oilaviy zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda “Mahalla yettiligi”, nuroniylar va jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.
Shuningdek, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Obod mahalla” tanlovlarida faol qatnashish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ehtiyojmand oilalarga g‘amxo‘rlik qilish mahalla faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Birlik MFY raisi M. Abdazimovning ta’kidlashicha:
“Agar bir yoqadan bosh chiqarsak, hamjihat bo‘lsak, mahallamizni ishsizlik, ajralish va kambag‘allikdan holi hududga aylantirishga albatta erishamiz.”
Bugun har bir mahalladosh o‘z uyi, ko‘chasi va mahallasining obodligi uchun mas’ul. Birlik, hamjihatlik va mehnatsevarlik — bizning eng katta kuchimizdir.
