Piskent tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-10-30 17:35:00 / Sessiya

Piskent tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi Bugun xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining yettinchi chaqiriq navbatdagi 37-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiya kun tartibiga muvofiq, dastlab tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i M. Miryunusov tuman byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish masalasi yuzasidan hisobot berdi.
Shuningdek, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i B. Xakimov tomonidan 2027-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish masalasi yuzasidan axborot berildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala bo‘yicha tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi boshliq o‘rinbosari R. Xo‘jamqulov 2026–2027-yillar kuzgi-qishki (novegetatsiya) davri uchun ajratilgan suv olish limitlarini tasdiqlash to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, Xalq deputatlari Piskent tumani Kengashi kotibiyati mudiri B. Abralov deputatlar tomonidan 2026-yilning uchinchi choragi davomida o‘z faoliyati yuzasidan saylovchilar oldida axborot berish reja-jadvalini tasdiqlash masalasini taqdim etdi.
Sessiyada kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.








